O‘zbekiston MDH hududidagi huquqiy muloqotda ishtirok etadi

May 15, 2026. 15:55 • 2 daq

51
O‘zbekiston MDH hududidagi huquqiy muloqotda ishtirok etadi
O‘zbekiston MDH hududidagi huquqiy muloqotda ishtirok etadi

MINSK, 15-may. /“Dunyo” AA/. 13-may kuni Belarus poytaxtida MDXning 35 yilligiga bag‘ishlangan xalqaro huquqiy forum bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Unda O‘zbekiston nomidan Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Milliy markazi direktori, akademik Akmal Saidov videomurojaat bilan so‘zga chiqdi.

Tadbirda Hamdo‘stlikka aʼzo davlatlarning davlat organlari, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar, ilmiy va ekspert doiralari vakillari ishtirok etdi.

Akmal Saidov o‘z nutqida MDH davlatlari o‘rtasida o‘zaro anglashuv, ishonch va hamkorlikni mustahkamlashning muhim mexanizmi sifatida xalqaro huquqiy muloqotning alohida ahamiyatini taʼkidladi. Hamdo‘stlik hududida inson huquqlari sohasidagi o‘zaro hamkorlikni yana-da rivojlantirish dolzarb ekanini qayd etdi.

Tadbir ishtirokchilari xalqaro huquqning barqaror rivojlanishni taʼminlash, tinchlik va xavfsizlikni saqlash, shuningdek, inson huquqlari, qonun ustuvorligi va adolatning umumeʼtirof etilgan tamoyillarini ilgari surishdagi o‘rniga eʼtibor qaratdilar. Milliy huquqiy tizimlarni takomillashtirish, huquqiy maʼrifatni yoyish hamda inson huquq va erkinliklarini himoya qilish mexanizmlarini institutsional jihatdan mustahkamlash borasida tajriba almashish va saʼy-harakatlarni muvofiqlashtirish muhimligi alohida taʼkidlandi.

Forum MDH doirasida ko‘p tomonlama hamkorlikni yana-da rivojlantirish bilan bog‘liq dolzarb huquqiy masalalarni muhokama qilish, shuningdek, huquq va inson huquqlarini himoya qilish sohalaridagi zamonaviy muammolarni hal etish bo‘yicha umumiy yondashuvlarni ishlab chiqish uchun muhim maydon bo‘ldi.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

dunyo@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish