Madridda Toshkent viloyati va ispan tadbirkorlari o‘rtasida yangi kelishuvlarga erishildi

May 14, 2026. 17:25 • 2 daq

97
Madridda Toshkent viloyati va ispan tadbirkorlari o‘rtasida yangi kelishuvlarga erishildi

MADRID, 14-may. /“Dunyo” AA/. Toshkent viloyati hokimi Zoir Mirzayev boshchiligidagi delegatsiyaning Ispaniyaga tashrifi doirasida ispan kompaniyalari bilan investitsiyaviy va texnologik hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan qator uchrashuvlar o‘tkazildi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Ispan ishbilarmonlari bilan bo‘lib o‘tgan muzokaralarda onlayn formatda viloyatdagi yirik to‘qimachilik korxonalari rahbarlari ham ishtirok etdi. Unda o‘zbek to‘qimachilik mahsulotlarini Yevropa bozorlariga olib chiqish, ispan investorlari va tadbirkorlari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalar o‘rnatish, xomashyo va tayyor mahsulotlar eksportini kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

Mahsulotlarni xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish, zamonaviy ishlab chiqarish texnologiyalarini joriy etish, dizayn va brending sohalarida tajriba almashish, mahsulotlarni Yevropa isteʼmolchilari talablariga moslashtirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.

Ispan tomoni Toshkent viloyatidagi to‘qimachilik klasterlari faoliyatiga qiziqish bildirdi. Hududning ishlab chiqarish salohiyatini yuqori baholadi hamda qo‘shma loyihalarni yo‘lga qo‘yish maqsadida Yevropa kompaniyalari ishtirokida biznes-uchrashuvlar tashkil etish tashabbusi bilan chiqdi.

Shuningdek, Madrid shahrida suv resurslarini boshqarish va sanoat oqova suvlarini qayta ishlashga ixtisoslashgan “Water Challenge” kompaniyasi vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Muzokaralar chog‘ida delegatsiya vakillari O‘zbekistonda, xususan, Toshkent viloyatida suv resurslaridan samarali foydalanish, suvni tejovchi texnologiyalarni joriy etish va oqova suvlarni qayta ishlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar haqida maʼlumot berdi.

Tomonlar qator yo‘nalishlarda hamkorlik istiqbollarini muhokama qildi. Jumladan, tog‘-kon va metallurgiya sanoatida suvdan qayta foydalanish, Chorvoq va Bo‘stonliq turistik hududlarida ekologik xavfsiz “aqlli” suv tozalash majmualarini yaratish, kollektor-drenaj suvlarini tozalash va ulardan qishloq xo‘jaligida qayta foydalanish bo‘yicha pilot loyihalarni amalga oshirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Ispan kompaniyasi amalga oshirilayotgan innovatsion loyihalar, jumladan, Uelva portidagi chiqindisiz suv tozalash sinov zavodi, Slovakiyada tog‘-kon sanoatida joriy etilgan ekologik yechimlar haqida taqdimot qildi.

Uchrashuvlar davomida Toshkent viloyati sharoitida ispan texnologiyalarini joriy etish imkoniyatlarini yana-da o‘rganish, amaliy loyihalar ishlab chiqish va o‘zaro manfaatli uzoq muddatli hamkorlik mexanizmlarini shakllantirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.

Bunday tashabbuslarni amalga oshirish nafaqat suv resurslaridan oqilona foydalanish va sanoatni rivojlantirishga, balki ekologik barqarorlikni mustahkamlash, “yashil iqtisodiyot” tamoyillarini ilgari surish hamda aholi hayoti sifatini oshirishga ham xizmat qilishi taʼkidlandi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish