O‘zbekiston–Shvetsiya savdo hamkorligi istiqbollari muhokama qilindi
May 15, 2026. 16:25 • 2 daq
• 8STOKGOLM, 15-may. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonning Shvetsiyadagi elchixonasi tashabbusi bilan O‘zbekiston “Savdoni rivojlantirish kompaniyasi” AJ boshchiligidagi delegatsiyaning Stokgolm shahriga xizmat safari tashkil etildi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Amalga oshirilgan tashrifda delegatsiya tarkibidan yigirmaga yaqin eksportchi korxonalar vakillaridan iborat ishbilarmonlar o‘rin oldi.
Tashrif doirasida Stokgolm shahridagi “Norrsken House” biznes-markazida “O‘zbekiston–Shvetsiya savdo hamkorligi: imkoniyatlar va istiqbollar” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda Shvetsiya Tashqi ishlar vazirligi, Yevrosiyo bo‘yicha savdo palatasi, Milliy savdo kengashi, Eksport-kredit agentligi hamda 30 ga yaqin shved va norvegiyalik importchilar va distribyutorlar ishtirok etdi.
Muloqot jarayonida O‘zbekistonning eksport salohiyati, Shvetsiya bozori imkoniyatlari hamda mahalliy mahsulotlarni Skandinaviya mamlakatlariga eksport qilish mexanizmlari muhokama qilindi. Shuningdek, ho‘l va quruq mevalar, elektrotexnika, kimyo va qurilish mahsulotlarini yetkazib berish bo‘yicha B2B shaklida muzokaralar o‘tkazildi.
Muzokaralar chog‘ida O‘zbekiston “Savdoni rivojlantirish kompaniyasi” AJ hamda Shvetsiya Milliy savdo kengashi o‘rtasida eksportchilar uchun Shvetsiya bozoriga kirishga bag‘ishlangan o‘quv kurslarini tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Delegatsiya, shuningdek, “Stockholmsmässan” ko‘rgazma majmuasi va “Westfield Mall of Scandinavia” savdo kompleksi faoliyati bilan tanishdi.
Safar davomida joriy yil kuzida “Made in Uzbekistan” ko‘rgazmasini o‘tkazish va O‘zbekiston mahsulotlari uchun savdo uyini tashkil etish bo‘yicha dastlabki kelishuvlarga erishildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi











