O‘zbekiston: Yevroosiyo makonida pragmatik hamkorlik va amaliy muloqotlar rivojlanmoqda
Dekabr 21, 2025. 11:17 • 3 daq
• 83
TOSHKENT, 21 dekabr. / “Dunyo” AA/. 21–22-dekabr kunlari O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Sankt-Peterburg shahrida bo‘lib o‘tadigan Yevroosiyo Oliy iqtisodiy kengashining navbatdagi majlisida kuzatuvchi maqomida va MDH davlat rahbarlarining norasmiy uchrashuvida ishtirok etadi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Davlatimiz rahbarining ushbu tadbirlardagi ishtiroki O‘zbekistonning iqtisodiy hamkorlikni chuqurlashtirish, kooperatsiya aloqalarini kengaytirish va Yevroosiyo makonida o‘zaro barqaror hamkorlik mexanizmlarini shakllantirishga qaratilgan strategik yo‘lning mantiqiy davomi sifatida baholanmoqda.
So‘nggi yillarda iqtisodiy diplomatiya O‘zbekiston tashqi siyosiy strategiyasining asosiy vositalaridan biriga aylandi. Shu nuqtai nazardan, Yevroosiyo Oliy iqtisodiy kengashi (YOIK) bilan hamkorlik alohida ahamiyat kasb etadi.
YOIK 2001–2014-yillarda faoliyat yuritgan va yagona iqtisodiy makonni yaratish uchun institutsional asos bo‘lib xizmat qilgan Yevroosiyo iqtisodiy hamjamiyati tajribasi asosida shakllandi. Mazkur integratsiya modelining muhim xususiyati shundaki, EOIKga aʼzo davlatlarning aksariyati bir vaqtning o‘zida MDH tarkibiga ham kiradi. Bu esa iqtisodiy jarayonlarning o‘zaro bog‘liqligini va mintaqaviy kooperatsiyaning davomiyligini taʼminlaydi.
O‘zbekiston 2019-yilda sanoatni modernizatsiya qilish, eksportga yo‘naltirilgan tarmoqlarni rivojlantirish va mintaqaviy qo‘shilgan qiymat zanjirlariga integratsiyalashuv vazifalaridan kelib chiqib, YOIK bilan kengaytirilgan hamkorlikni o‘rganishga kirishdi. 2020-yilda kuzatuvchi maqomining olinishi va keyinchalik idoralararo muvofiqlashtirishdan tortib Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi bilan doimiy aloqalargacha bo‘lgan institutsional mexanizmlarning yo‘lga qo‘yilishi mazkur muloqotni amaliy darajaga olib chiqish imkonini berdi.
Bugungi kunda O‘zbekistonning YOIK bilan hamkorligi aniq yo‘nalishlarni qamrab oldi. Respublika logistikani soddalashtirish, transport koridorlarini raqamlashtirish, elektron tijorat va agrologistik marshrutlarni rivojlantirishga qaratilgan tarmoq hamda infratuzilma loyihalarida faol ishtirok etmoqda.
Yevroosiyo makonidagi yana bir muhim hamkorlik platformasi Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligidir. MDH iqtisodiy, gumanitar va institutsional hamkorlikning keng ko‘lamli formati bo‘lib qolmoqda. O‘zbekiston ushbu tashkilot doirasida izchil ravishda pragmatik va siyosiylashmagan kun tartibini ilgari surib kelmoqda.
Sankt-Peterburgdagi mazkur bo‘lajak sammit norasmiy va ishonchli muhitda fikr almashish, yondashuvlarni muvofiqlashtirish va birgalikdagi ishlar yakunlarini sarhisob qilish uchun qulay imkoniyat yaratadi.
2017-yildan buyon O‘zbekiston MDH faoliyatidagi ishtirokini sezilarli darajada faollashtirib, asosiy eʼtiborni iqtisodiy yo‘nalishga qaratdi.
Mamlakatimiz umumiy bozorlarni shakllantirish, sanoat kooperatsiyasi, transport bog‘liqligi va investitsiyaviy hamkorlikni rivojlantirish bilan shug‘ullanuvchi ko‘plab tarmoq organlariga qo‘shildi. O‘zbekiston tomonining tashabbuslari uzoq muddatli iqtisodiy samaraga yo‘naltirilgan konseptual hujjatlar va amaliy qarorlarda o‘z aksini topdi. O‘zbekistonda MDHning yirik tadbirlari, jumladan, nizom organlari majlislari, iqtisodiy va ekspert forumlarining o‘tkazilishi mamlakatimizning integratsiya kun tartibini ishlab chiquvchi markazlardan biri sifatidagi roli oshayotganidan dalolat beradi.
Shunday qilib, O‘zbekiston Prezidentining Sankt-Peterburgdagi tadbirlarda ishtirok etishi ulkan strategik ahamiyatga ega. O‘zbekiston mintaqaviy birlashmalarda ishtirok etishning pragmatizm, iqtisodiy maqsadga muvofiqlik va aniq natijaga yo‘naltirilgan modelini izchil shakllantirmoqda. Shu maʼnoda, MDH makoni va unga bog‘liq integratsiya mexanizmlari Toshkent tomonidan barqaror rivojlanish, iqtisodiy imkoniyatlarni kengaytirish va sheriklik aloqalarini mustahkamlash uchun muhim platforma sifatida baholanmoqda.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
Kenji Hirata: Yaponiya–O‘zbekiston munosabatlari yangi bosqichga qadam qo‘ymoqda
O‘zbekiston–Yaponiya: strategik sheriklik chegaralari kengaymoqda
O‘zbekiston–Paragvay: qitʼalar va okeanlar orqali muloqot