O‘zbek hunarmandchilik mahsulotlari “Bazaar Berlin” xalqaro yarmarkasida namoyish etildi

Noyabr 11, 2026. 09:25 • 3 daq

• 132
O‘zbek hunarmandchilik mahsulotlari “Bazaar Berlin” xalqaro yarmarkasida namoyish etildi
O‘zbek hunarmandchilik mahsulotlari “Bazaar Berlin” xalqaro yarmarkasida namoyish etildi
O‘zbek hunarmandchilik mahsulotlari “Bazaar Berlin” xalqaro yarmarkasida namoyish etildi

BERLIN, 11-noyabr. /“Dunyo” AA/. Germaniya poytaxtida bo‘lib o‘tgan “Bazaar Berlin” xalqaro yarmarkasida o‘zbek milliy amaliy san’ati va to‘qimachilik sanoati mahsulotlari namoyish etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

64-marta tashkil etilgan ko‘rgazma dunyoning 58 davlatidan 500 nafarga yaqin eksponentni birlashtirdi. O‘zbekiston o‘z mahsulotlarini dunyoning turli mintaqalaridan kelgan ishtirokchilar qatorida namoyish etib, yevropalik xaridorlarni milliy hunarmandchilikning ko‘p asrlik an’analari bilan tanishtirdi.

Ko‘rgazmadan o‘zbek ustalari tomonidan yaratilgan to‘qimachilik mahsulotlari, kulolchilik buyumlari va yog‘ochga badiiy ishlov berish namunalari o‘rin olgan. Ishtirokchilar O‘zbekistonning milliy texnologiyalari va o‘ziga xos amaliy bezak san’ati bilan yaqindan tanishish imkoniga ega bo‘ldi.

“Messe Berlin”da bo‘lib o‘tgan yarmarka “Jahon bozori”, “San’at va uslub”, “Tabiat bilan uyg‘unlik”, “Adolat va ijtimoiy mas’uliyat”, “Uyda qish” kabi mavzularda o‘tkazildi.

Dasturda hunarmandchilik mahsulotlari va milliy taomlardan tashqari, moda namoyishlari va mahorat darslari ham o‘tkazildi. Besh kun davomida ko‘rgazmaga 35 mingdan ortiq kishi tashrif buyurdi.

Tadbirda Janubiy Amerika, Indoneziya, Malayziya, Janubi-Sharqiy Osiyo va Yevropa davlatlaridan hunarmandlar ishtirok etdi. O‘zbekiston “Bazaar Berlin” ko‘rgazmasida 2023-yildan buyon ishtirok etib kelmoqda.

Yarmarka taxminan 60-yil oldin Germaniya aholisiga Rojdestvo va Yangi yil arafasida original sovg‘alar va qo‘l mehnati mahsulotlarini sotib olish imkonini beruvchi platforma sifatida tashkil etilgan. Bugungi kunda u nafaqat Berlin aholisi, balki g‘ayrioddiy va eksklyuziv mahsulotlarga qiziquvchi boshqa shaharlardan tashrif buyuruvchilarni ham o‘ziga jalb qilmoqda.

Ko‘rgazmada O‘zbekistondan Samarqanddagi “Best Textile Samarqand” korxonasi ishtirok etib, yevropalik xaridorlarga milliy matolar, zamonaviy kiyim-kechaklar va boshqa to‘qimachilik mahsulotlarini taqdim etdi.

Kompaniya rahbari Muslihiddin Aslanovning so‘zlariga ko‘ra, yarmarkada to‘rt yil davomida ishtirok etish mahsulotlarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri sotish, Yevropa savdo hamkorlarini topish va doimiy buyurtmalar olish imkonini beradi.

Tadbirkor “O‘zbekiston” brendi ostida yagona milliy ekspozitsiya yaratish istiqbolli ekanini ta’kidladi. Uning fikricha, bunday ekspozitsiyani an’anaviy to‘qimachilik, so‘zana kashtachiligi, zardo‘zlik, misgarlik, yog‘och o‘ymakorligi, charm va kulolchilik mahsulotlaridan tashqari, hunarmandchilikka bag‘ishlangan sayyohlik yo‘nalishlari, quritilgan mevalar, milliy shirinliklar va taomlar taqdimoti bilan ham boyitish mumkin.

Milliy mahsulotlarni taqdim etishning bunday formati, Muslihiddin Aslanovning fikricha, yevropalik xaridorlar va salohiyatli ishbilarmon hamkorlarning o‘zbek tovarlari va mamlakat madaniy merosiga qiziqishini oshiradi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish