Germaniya nashri: Samarqand marafoni yashil qadriyatlarni targ‘ib etuvchi maydonga aylandi
Noyabr 26, 2026. 21:00 • 2 daq
• 50
FRANKFURT-MAYN, 26-noyabr. /“Dunyo” AA/. Germaniyaning “Ad-hoc-news” yangiliklar portalida “Registon Samarqand marafonining start maydonchasiga aylandi” sarlavhali maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Maqolada 7-8-noyabr kunlari Samarqandda “Samarkand Marathon Series” yugurish musobaqalari bo‘lib o‘tgani haqida so‘z yuritilgan. Start va finish zonalari Registon maydonida joylashgan bo‘lib, masofalar shaharning tarixiy qismi bo‘ylab o‘tgani ma’lum qilingan.
Birinchi kuni 2 va 5 kilometr masofalarga yugurish, skandinavcha yurish, inklyuziv yugurish hamda bolalar uchun musobaqalar tashkil etildi. Ikkinchi kuni esa ishtirokchilar 42,2 kilometrlik marafon, yarim marafon va 10 kilometrlik masofalarni zabt etdi, deb xabar qilgan nashr.
Nashrning ma’lum qilishicha, musobaqada ishtirok etish uchun 63 ta davlatdan 1500 dan ortiq kishi ro‘yxatdan o‘tgan. O‘zbekiston Turizm qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, dasturdan, shuningdek, “Samarkand Marathon Expo” ko‘rgazmasi, tematik muhokamalar, tonggi sayrlar va kechki konsert o‘rin olgan.
Maqolada plastikdan foydalanishni kamaytirish, chiqindilarni saralab yig‘ish va qayta ishlashga qaratilgan “Avvalgidan tozaroq” ekologik tashabbusi, shuningdek, yugurishni chiqindi yig‘ish bilan uyg‘unlashtirgan plogging haqida alohida so‘z yuritilgan. Tadbirning xayriya qismida to‘plangan mablag‘lar marafon seriyasi o‘tkaziladigan hududlarda bolalar sport maydonchalarini qurishga yo‘naltirilishi rejalashtirilgan.
Maqolada Samarqand 2001-yildan buyon YUNЕSKOning Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgani, Registon maydoni esa Ulug‘bek, Sherdor va Tillakori kabi uchta madrasadan iborat me’moriy ansambl ekani eslatib o‘tilgan.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi