Tibbiyot xodimlarini ishga joylashtirish bo‘yicha O‘zbekiston–Chexiya hamkorligi kengaytiriladi

Avgust 03, 2026. 10:30 • 2 daq

96
Tibbiyot xodimlarini ishga joylashtirish bo‘yicha O‘zbekiston–Chexiya hamkorligi kengaytiriladi

PRAGA, 3-avgust. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonning Chexiyadagi elchixonasida ushbu davlatning “ZYLORA” kompaniyasi biznesni rivojlantirish bo‘yicha menejeri Zilola Irgasheva bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Uchrashuvda O‘zbekiston Migratsiya agentligi va Chexiya Sog‘liqni saqlash vazirligi o‘rtasida tartibga solingan mehnat migratsiyasi asosida tibbiyot xodimlari va hamshiralarni ishga jalb etish masalalari yuzasidan fikr almashildi.

Tomonlar ushbu yo‘nalishdagi hamkorlikni yana-da rivojlantirish, malakali mutaxassislarning qonuniy va tartibli ishga joylashishini taʼminlash masalalarini muhokama qildi. Shuningdek, mehnat migratsiyasi sohasida O‘zbekiston–Chexiya hamkorligini kengaytirish istiqbollari haqida ham fikr yuritildi.

Kompaniya vakillari kelgusida Chexiyada ishga joylashtirish uchun O‘zbekistonda hamshiralarni tayyorlaydigan ixtisoslashtirilgan o‘quv kurslarini tashkil etish imkoniyatini o‘rganayotganini maʼlum qildi.

Ishbilarmonlar kompaniyaning ushbu yo‘nalishdagi kelgusi faoliyat strategiyasini ishlab chiqish maqsadida O‘zbekistondan Chexiyaga tibbiyot xodimlarini yuborishni tartibga soluvchi amaldagi meʼyoriy-huquqiy baza, tartib-taomillar va qonunchilik talablarini batafsil o‘rganish niyatida ekanini bildirdi.

Chexiyada ro‘yxatdan o‘tgan “ZYLORA” kompaniyasi xalqaro biznesni rivojlantirish, kompaniyalarni ro‘yxatdan o‘tkazish, moliyaviy va soliq masalalari bo‘yicha hamrohlik qilish, xalqaro bank xizmatlarini ko‘rsatish bilan shug‘ullanadi. Shuningdek, kompaniya Yevropa, Osiyo va Afrika mamlakatlari o‘rtasida ishbilarmonlik aloqalari o‘rnatish bo‘yicha konsalting xizmati ko‘rsatib kelmoqda.

So‘nggi paytlarda kompaniya Markaziy Osiyo davlatlari, jumladan, O‘zbekiston bilan iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratmoqda.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish