Logo

Rossiyaning Krasnodar shahrida vatandoshlarimizni qiynayotgan muammolar muhokama qilindi

Mart 04, 2026. 09:17 • 2 daq

85
Rossiyaning Krasnodar shahrida vatandoshlarimizni qiynayotgan muammolar muhokama qilindi

KRASNODAR, 4-mart. /“Dunyo” AA/.O‘zbekistonning Rostov-Don shahridagi bosh konsuli Burxan Alikulov Krasnodarga xizmat safari doirasida Rossiya Tashqi ishlar vazirligining ushbu shahardagi vakolatxonasi rahbari Olga Shalimova bilan ko‘rishdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Diplomatlar muloqot davomida fuqarolarimizning huquqlarini himoya qilish va ikki tomonlama hamkorlik istiqbollarini muhokama qildi. O‘zbekiston konsuli Krasnodar o‘lkasida vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan va turli maqsadlarda bo‘lib turgan hamyurtlarimizning haq-huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish masalalariga alohida e’tibor qaratdi.

Suhbat davomida Krasnodar va Sochi shaharlarida mehnat qilayotgan vatandoshlarning murojaatlariga asosan, Rossiya chegara xizmati xodimlari tomonidan chegaradan o‘tish vaqtida qonun normalariga rioya qilinmayotgani, hududga kirishga asossiz cheklovlarning qo‘yilishi yoki uzoq muddat fuqarolarni ushlab turish bilan bog‘liq e’tirozlar bildirildi.

Xorijiy fuqarolarni vaqtincha saqlash markazlarida ushlab turilgan O‘zbekiston fuqarolarini vatanga qaytarish jarayonlarini tezlashtirish masalasida ham fikr-mulohaza almashildi. Bu borada Bosh konsulxonaga ko‘plab murojaatlar kelib tushayotgani, hamyurtlarimiz qonunda ko‘rsatilgan muddatlardan ortiq ushlab turilayotgani ma’lum qilindi va barcha holatlar yuzasidan aniq ma’lumotlar taqdim qilindi.

Rossiya tomoni ushbu holatlarni o‘rganib chiqishini ma’lum qilib, O‘zbekiston fuqarolarini hududda qonuniy bo‘lib turishi va huquqlarini himoya qilishda ko‘maklashishga tayyorligini qo‘shimcha qildi.

Uchrashuv davomida hududlararo hamkorlik masalalari muhokama qilinib, aloqalarni yana-da mustahkamlash uchun yetarlicha imkoniyat mavjudligi ta’kidlandi. O‘z navbatida, Rossiya tomoni hududning iqtisodiy imkoniyatlari to‘g‘risida ma’lumot berib, o‘lka asosan turizm, qurilish va qishloq xo‘jaligiga ixtisoslashganini qayd etdi.

Tomonlar Sirdaryo va Andijon viloyatlari Krasnodar o‘lkasi bilan hamkorlik bitimlarini imzolagani va uning asosida ishlab chiqilgan chora-tadbirlar rejasini amalga oshirish maqsadida biznes delegatsiyalarning o‘zaro tashrifini amalga oshirishga kelishib oldi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish