Bonn shahrida O‘zbekistonning iqtisodiy va turistik salohiyatiga bag‘ishlangan axborot kechasi bo‘lib o‘tdi

Noyabr 20, 2026. 12:00 • 2 daq

• 27
Bonn shahrida O‘zbekistonning iqtisodiy va turistik salohiyatiga bag‘ishlangan axborot kechasi bo‘lib o‘tdi

BONN, 20-noyabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonning Frankfurt- Mayn shahridagi Bosh konsulxonasi “Buxoro – Bonn” do‘stlik jamiyati bilan hamkorlikda Bonn shahrida mamlakatimizning iqtisodiy, investitsiyaviy va turistik salohiyatiga bag‘ishlangan axborot kechasini o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Tadbirda Germaniya ishbilarmon doiralari vakillari, tadbirkorlar, kompaniya rahbarlari, shuningdek, moliya, huquq, ko‘chmas mulk, soliqqa tortish, sug‘urta, sog‘liqni saqlash, axborot texnologiyalari va kadrlar tanlash sohalari mutaxassislari ishtirok etdi.

Ishtirokchilarga O‘zbekistonda biznes yuritish imkoniyatlari, investitsiya muhitini yaxshilash, tadbirkorlikni rivojlantirish va infratuzilmani modernizatsiya qilish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar haqida batafsil ma’lumot berildi. Sanoat, qurilish, ko‘chmas mulk, moliyaviy va konsalting xizmatlari, raqamli texnologiyalar, sog‘liqni saqlash, ta’lim hamda kadrlar tayyorlash yo‘nalishlaridagi hamkorlik istiqbollariga alohida e’tibor qaratildi. Xorijiy kompaniyalarning O‘zbekistonga ortib borayotgan qiziqishi to‘g‘ridan to‘g‘ri ishbilarmonlik aloqalarini o‘rnatish, tajriba almashish va qo‘shma loyihalarni amalga oshirish uchun keng imkoniyatlar ochayotgani ta’kidlandi.

Tadbirning alohida qismi turizm sohasiga bag‘ishlandi. Qatnashchilarga mamlakatimizning boy tarixiy-madaniy merosi, Samarqand, Buxoro, Xiva va boshqa shaharlarning me’moriy obidalari hamda sayyohlik yo‘nalishlari, shuningdek, gastronomik, madaniy-ma’rifiy, ekologik va ziyorat turizmi imkoniyatlari taqdim etildi. Germaniya sayyohlik bozori O‘zbekiston turistik brendini targ‘ib qilishning istiqbolli yo‘nalishlaridan biri sifatida qaralayotgani alohida qayd etildi.

Uchrashuv davomida ishtirokchilar ikki mamlakat o‘rtasidagi ishbilarmonlik va gumanitar aloqalarni rivojlantirish yuzasidan fikr almashib, O‘zbekiston bozoriga chiqish shartlari, mahalliy hamkorlar bilan aloqa o‘rnatish va turli tarmoqlardagi sheriklik istiqbollari haqida qo‘shimcha ma’lumot olishga katta qiziqish bildirdilar.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish