Logo

Chelyabinskda O‘zbekiston turizm salohiyatini kengaytirishga qaratilgan muzokaralar o‘tkazildi

Aprel 13, 2026. 09:15 • 2 daq

98
Chelyabinskda O‘zbekiston turizm salohiyatini kengaytirishga qaratilgan muzokaralar o‘tkazildi
Chelyabinskda O‘zbekiston turizm salohiyatini kengaytirishga qaratilgan muzokaralar o‘tkazildi
Chelyabinskda O‘zbekiston turizm salohiyatini kengaytirishga qaratilgan muzokaralar o‘tkazildi
Chelyabinskda O‘zbekiston turizm salohiyatini kengaytirishga qaratilgan muzokaralar o‘tkazildi

CHELYABINSK, 13-aprel. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonning Yekaterinburgdagi Bosh konsulxonasi diplomatlari xizmat safari bilan Chelyabinsk viloyatida bo‘ldi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Ushbu tashrifdan ko‘zlangan maqsad Rossiyaning Ural federal okrugi hududlaridan O‘zbekistonga turistlar oqimini oshirish hamda ikki davlat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada mustahkamlashdir.

Tashrif doirasida diplomatlar “UK Sigma-Xolding” MCHJ eksport bitimlari bo‘yicha yetakchi menejeri Alena Chernishova bilan uchrashdi. Muloqot chog‘ida kompaniya tomonidan ishlab chiqarilayotgan kungaboqar yog‘ini O‘zbekiston hududida olib kirish imkoniyatlari muhokama qilindi.

Bosh konsulxona vakillari Chelyabinsk viloyati Turizmni rivojlantirish bosh boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Aleksandra Mitenkova, Kasaba uyushmalari federatsiyasi raisi Oleg Yekimov hamda hududning yetakchi 6 ta turoperator kompaniyasi vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdi. Ushbu uchrashuvga O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi huzuridagi Diplomatik servis xizmati davlat muassasasi vakili videokonferensiya orqali ulandi.

Suhbat davomida O‘zbekistonda turizm sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, xorijiy sayyohlar uchun yaratilgan qulay shart-sharoitlar hamda mamlakatning asosiy turistik yo‘nalishlari haqida maʼlumot berildi. Shu bilan birga, O‘zbekistonda sayyohlar xavfsizligi yuqori darajada taʼminlangani alohida taʼkidlandi.

Aleksandra Mitenkova Chelyabinsk viloyati aholisi orasida O‘zbekistonga bo‘lgan qiziqish barqaror o‘sib borayotgani, mamlakat esa istiqbolli turistik yo‘nalish hamda biznes-missiyalar uchun muhim maydonga aylanayotganini qayd etdi.

Tomonlar Chelyabinsk viloyati va O‘zbekiston shaharlari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlarning yo‘qligi turizm sohasidagi hamkorlikni kengaytirishga to‘sqinlik qilayotgan asosiy omillardan biri ekanini aytdi. Rossiya tomoni, O‘zbekiston fuqarolarini Chelyabinsk viloyatining tabiiy sayyohlik joylariga jalb etishdan manfaatdor ekanini bildirdi.

Uchrashuv davomida Chelyabinsk viloyati turizm kompaniyalari ishtirokida press-turlar tashkil etish orqali O‘zbekistonning tarixiy va madaniy merosini yanada keng targ‘ib qilish taklifi ilgari surildi.

Tashrif doirasida Chelyabinsk shahrida O‘zbekistonning turistik salohiyatini taqdim etish maqsadida road-show tashkil etish taklifi ham bildirildi. Rossiya tomoni ushbu tashabbusni qo‘llab-quvvatlab, tadbirni tashkil etish va mahalliy turoperatorlarni jalb qilishga tayyorligini maʼlum qildi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish