Qozog‘istondagi sayyohlar oqimini O‘zbekistonga yo‘naltirish masalalari muhokama qilinmoqda
Aprel 10, 2026. 12:18 • 2 daq
• 172
OQTOV, 10-aprel. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonning Oqtov shahridagi bosh konsulxonasi tashabbusi bilan Qozog‘istonning “Turistik Kamkor” fondi hamda ikki mamlakat yetakchi turistik kompaniyalari vakillari ishtirokida onlayn muloqot bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad — jahonda va Yaqin Sharq mintaqasidagi murakkab geosiyosiy vaziyatni inobatga olgan holda, Qozog‘istondagi mavjud sayyohlar oqimini O‘zbekistonga yo‘naltirish hamda sohadagi mavjud to‘siqlarni bartaraf etishdan iborat bo‘ldi.
Muzokaralar davomida ikki davlat o‘rtasidagi taʼmirlash uchun yopilgan chegara o‘tkazish punktlarini qayta ochish va sayyohlar uchun qo‘shimcha qulayliklar yaratish masalalari ko‘rib chiqildi. Shuningdek, tibbiy turizmni targ‘ib qilish, Qozog‘iston turistik korxonalari uchun maxsus imtiyozlar paketini ishlab chiqish hamda “Afrosiyob” yuqori tezlikdagi poyezdlari chiptalarini xarid qilish tizimini soddalashtirish (alohida platforma yaratish) bo‘yicha takliflar ilgari surildi.
Qozog‘istonlik ekspertlarning maʼlumotiga ko‘ra, hozirgi kunda Yaqin Sharq yo‘nalishi bo‘yicha yuz mingdan ziyod turistik paketlar “muzlatilgan” holatda turibdi. Ushbu oqimni O‘zbekistonning tarixiy va madaniy shaharlariga jalb qilish uchun yangi tashkiliy tur-paketlarni ishlab chiqish ijobiy natija berishi mumkinligi taʼkidlandi.
Tadbir yakunida yirik “KOMPAS” turkompaniyasi tomonidan “Keruyen ekspress” turistik poyezdi qatnovlari sonini oshirish va faollashtirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi