Logo

O‘zbekistonning turizm salohiyati Karachi va Islomobod shaharlarida taqdimot qilindi

Aprel 10, 2026. 09:44 • 3 daq

142
O‘zbekistonning turizm salohiyati Karachi va Islomobod shaharlarida taqdimot qilindi

ISLOMOBOD, 10-aprel. /“Dunyo” AA/. Joriy yilning 3-5-aprel kunlari Pokistonning Karachi shahrida V «Pakistan Travel Mart» xalqaro turizm ko‘rgazmasi, shuningdek, mazkur tadbir doirasida 7-8-aprel kunlari Islomobod shahrida “roud-shou” tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Xalqaro turizm tadbirlari maydonida O‘zbekiston elchixonasi tomonidan Turizm qo‘mitasi, Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda yurtimizning Pokistondagi turizm brendi elchisi Hamid Mahmud bilan birgalikda mamlakatimiz milliy pavilyoni tashkil etildi.

Pavilyonda mamlakatimizning taʼlim, ziyorat, madaniy, ishbilarmonlik va tibbiy turizm yo‘nalishlaridagi keng imkoniyatlari, zamonaviy va qulay sayyohlik infratuzilmasi, oliy taʼlim muassasalari hamda mashhur turistik manzilgohlari keng jamoatchilikka taqdim qilindi. O‘tkazilgan taqdimotlar va bevosita muloqotlar orqali O‘zbekistonning xalqaro turizm bozoridagi raqobatbardoshligi, shuningdek, mintaqaviy taʼlim xabi sifatidagi roli namoyon etildi.

Shu bilan birga, O‘zbekistonning taʼlim turizmi salohiyatini keng targ‘ib etish maqsadida «Study in Uzbekistan» taʼlim ko‘rgazmasi ham tashkil qilindi. Uning doirasida mehmonlarga mamlakatimiz oliy taʼlim muassasalarida tahsil olish imkoniyatlari, mavjud taʼlim yo‘nalishlari, jumladan, dual taʼlim dasturlari haqida batafsil maʼlumot berildi.

O‘zbekiston pavilyoniga Pokiston Senati raisi Said Yusuf Raza G‘iloniy, Bosh vazirning turizm masalalari bo‘yicha koordinatori Sardar Yasir Ilyas Xan, Turizmni rivojlantirish korporatsiyasi rahbari Aftab ur-Rehman Rana va boshqa rasmiylar tashrif buyurdi. Pokiston rasmiy vakillari mamlakatimizda turizm sohasida amalga oshirilayotgan izchil islohotlarni yuksak baholab, O‘zbekistonning ilg‘or tajribasini o‘rganish va uni Pokistonda joriy etishga qiziqish bildirdilar.

Pokiston Bosh vazirining turizm masalalari bo‘yicha koordinatori Sardar Yasir Ilyas Xan taʼkidlaganidek, Pokiston va O‘zbekiston o‘rtasidagi sayyohlik aloqalarini yanada rivojlantirishda to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlar muhim ahamiyat kasb etmoqda. «So‘nggi ikki yilda O‘zbekiston rahbariyati tashabbusi bilan «Uzbekistan Airways» AJ tomonidan Toshkent–Islomobod va Toshkent–Lahor yo‘nalishlarida muntazam aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yildi. Shuningdek, joriy aprel oyi oxirida «Centrum Air» aviakompaniyasi tomonidan Toshkent–Lahor yo‘nalishida qo‘shimcha reyslar ochilishi rejalashtirilgan. Bu kabi tashabbuslar ikki mamlakat o‘rtasidagi sayyohlik aloqalarini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi», – dedi u.

Umuman olganda, O‘zbekistonning V «Pakistan Travel Mart» xalqaro turizm ko‘rgazmasi tadbirlaridagi ishtiroki mamlakatimizning Pokiston turizm bozoridagi mavqeini yanada mustahkamlash, Pokistondan keluvchi sayyohlar oqimini oshirish hamda taʼlim sohasidagi o‘zaro amaliy hamkorlikni kengaytirishga muhim hissa qo‘shdi.

Default Avatar

Material muallifi

Адилбек Каипбергенов

editor1@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish