Kuala-Lumpurda Samarqandning iqtisodiy va turizm salohiyati namoyish etildi
Aprel 07, 2026. 11:50 • 2 daq
• 263
KUALA-LUMPUR, 7-aprel. /“Dunyo” AA/. Samarqand viloyati hokimi Adiz Boboyev boshchiligidagi delegatsiyaning Malayziyaga tashrifi doirasida O‘zbekistonning savdo-iqtisodiy va turizm salohiyatiga bag‘ishlangan yirik biznes-forum bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Mamlakatimiz elchixonasi ko‘magida tashkil etilgan mazkur tadbir Malayziyadagi eng yirik “MATTA Fair” sayyohlik ko‘rgazmasi oldidan mahalliy turoperatorlarni yurtimiz imkoniyatlari bilan yaqindan tanishtirish maqsadida o‘tkazildi. Anjumanda 150 dan ortiq ishtirokchi, jumladan, O‘zbekiston-Malayziya biznes alyansi, Malayziya tashqi savdoni rivojlantirish korporatsiyasi (MATRADE), “Tourism Malaysia” agentligi hamda qator nufuzli turizm assotsiatsiyalari rahbarlari va yetakchi tadbirkorlar ishtirok etdi.
Forumning ochilish marosimida viloyat hokimi Adiz Boboyev va O‘zbekiston elchisi Karomiddin Gadoyev so‘zga chiqib, malayziyalik investorlar uchun yaratilgan imtiyozlar va sayyohlar uchun taqdim etilayotgan keng imkoniyatlarga to‘xtaldilar. MATRADE raisi o‘rinbosari Jay Shankar o‘z nutqida O‘zbekistonni Markaziy Osiyodagi eng tez rivojlanayotgan iqtisodiyotlardan biri deb atadi va Samarqand viloyati nafaqat turizm, balki mehmonxona biznesi hamda qo‘shma ishlab chiqarish korxonalarini ochish uchun juda jozibador hudud ekanini eʼtirof etdi.
Tadbir davomida Samarqand delegatsiyasi “Malaysian Airlinesya”, “Air Asia” va “Batik Air” kabi yirik aviakompaniyalar, shuningdek, “Orion Consorsium” va “Spora Global” kabi investor kompaniyalar bilan hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha muhim kelishuvlarga erishdi. Forum doirasida ikki mamlakat tadbirkorlari o‘rtasida o‘tkazilgan “B2B” uchrashuvlari amaliy aloqalarni mustahkamlashga xizmat qildi.
Biznes-forum yakunida o‘zbek gastronomik turizm salohiyatini namoyish etish maqsadida milliy taomlar ko‘rgazmasi tashkil etildi. Ayniqsa, dasturxonga tortilgan mashhur Samarqand palovi malayziyalik mehmonlarda katta taassurot qoldirdi. Bu kabi tadbirlar O‘zbekiston va Malayziya o‘rtasidagi iqtisodiy rishtalarni yangi bosqichga olib chiqish bilan birga, Samarqandga keluvchi sayyohlar oqimini sezilarli darajada oshirishga xizmat qiladi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi