Dehlida Qoraqalpog'istonning savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy salohiyatiga bag'ishlangan davra suhbati bo'lib o'tdi
Dekabr 14, 2025. 09:00 • 2 daq
• 83DEHLI, 14-dekabr. /“Dunyo” AA/. Hindistonning etakchi savdo-sanoat palatalaridan biri – “PHD Chamber of Commerce and Industry” (PHD CCI) maydonida O'zbekiston elchixonasi tomonidan mamlakatimizning savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy imkoniyatlariga bag'ishlangan davra suhbati tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tadbirda Hindistonning 20 dan ortiq etakchi kompaniyalari rahbarlari va vakillari ishtirok etdi hamda hind ishbilarmon doiralarining mamlakatimiz bozoriga bo'lgan qiziqishi ortib borayotganidan dalolat berdi.
Taqdimot davomida diplomatik missiya vakillari va Nukusdan kelgan ekspertlar hindistonlik sheriklarni O'zbekistonda xorijiy investitsiyalar uchun qulay muhit yaratayotgan izchil islohotlar bilan atroflicha tanishtirdi.
Muhokamalarning markaziy mavzusi Qoraqalpog'iston Respublikasida tadbirkorlik faoliyatini yuritish uchun taqdim etilayotgan noyob imkoniyatlar bo'ldi.
Hindiston biznes hamjamiyati vakillariga Qoraqalpog'istonda xorijlik investorlar foydalanishi mumkin bo'lgan asosiy afzalliklar haqida batafsil ma'lumot berildi. Xususan, qo'shimcha soliq va bojxona imtiyozlarini nazarda tutuvchi maxsus huquqiy rejim, tayyor infratuzilmaga ega maxsus iqtisodiy zonalar va sanoat parklarida korxonalar tashkil etish imkoniyatlari, er ijarasining imtiyozli shartlari hamda loyihalarni davlat tomonidan har tomonlama qo'llab-quvvatlash, jumladan, investitsiyalarni himoya qilish kafolatlari haqida so'z yuritildi.
Davra suhbati ishtirokchilari O'zbekiston va Hindiston o'rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlik barqaror o'sish sur'atlarini ko'rsatayotganini ta'kidladi. Joriy yil yakunlari bo'yicha o'zaro tovar ayirboshlash hajmi ilk bor 1 milliard AQSH dollaridan oshishi mumkinligi urg'ulandi. Bu esa ikki mamlakat etakchilari tomonidan belgilangan muhim strategik maqsadga erishilayotganining tasdig'idir.
Qo'shma loyihalarni amalga oshirish uchun istiqbolli yo'nalishlar sifatida to'qimachilik sanoati, farmatsevtika va tibbiyot uskunalari ishlab chiqarish, axborot texnologiyalari va autsorsing, kimyo sanoati, “yashil” energetika hamda turizm sohalari belgilab olindi.
Savol-javob tarzida o'tgan qizg'in muloqot davomida hind tadbirkorlari O'zbekistonda faoliyat yuritishning amaliy jihatlari bo'yicha batafsil tushuntirishlar oldi.
Hindiston ishbilarmon doiralari vakillari O'zbekistonda hayotga tadbiq etilayotgan yangilanish ko'lamini yuqori baholab, mamlakat bozori o'zaro manfaatli sheriklik uchun ishonchli va uzoq muddatli istiqbolga ega ekaniga ishonch bildirdi.
PHD Chamber of Commerce and Industry (PHD CCI) 1905-yilda tashkil etilgan bo'lib, Hindistonning eng nufuzli nodavlat biznes assotsiatsiyalaridan biri hisoblanadi. U 150 mingdan ortiq kompaniyani birlashtiradi va biznes hamda davlat o'rtasidagi muloqotni rivojlantirishda muhim mavqega ega.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
Gujranvala shahrida O‘zbekiston–Pokiston biznes-forumi bo‘lib o‘tdi
Sirdaryo viloyati delegatsiyasi Xitoy tajribasini o‘rganmoqda
Pokiston bilan charmsanoat bo‘yicha hamkorlik yo‘lga qo‘yiladi
Germaniya bilan innovatsiya sohasida yangi loyihalar yo‘lga qo‘yiladi

