Germaniya bilan innovatsiya sohasida yangi loyihalar yo‘lga qo‘yiladi
Dekabr 11, 2025. 11:33 • 3 daq
• 106
BRAUNSHVAYG, 12-dekabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchisi Dilshod Axatov Bundestagning Huquq va isteʼmolchilarni himoya qilish qo‘mitasi rahbari Karsten Myuller taklifiga ko‘ra, uning saylov okrugi – Braunshvayg shahrida ishchi tashrif bilan bo‘ldi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tashrif doirasida Yevropada yetakchi bo‘lgan multimodal innovatsion biznes va ilmiy-tadqiqot klasteri faoliyati bilan tanishdi. Ushbu korxona innovatsion texnologiyalar, qayta tiklanuvchi energiya manbalari, mobillik-avtomobilsozlik, aviatsiya, temir yo‘l va boshqa sohalarni o‘z ichiga olgan. Uchrashuv davomida o‘zaro manfaatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.
Germaniyaning yetakchi Fraunxofer tadqiqotlar jamiyati va Braunshvayg texnika universiteti tomonidan tatbiq qilinayotgan “Vodorod terminali” loyihasi doirasida Fraunxofer jamiyatining Qatlamlarni va yer yuzasini o‘rganish instituti, Braunshvayg texnika universitetining Barqaror ishlab chiqarish va hayotiy sikl muhandisligi instituti rahbari professor Kristof Xermann bilan uchrashuv o‘tkazildi.
“Vodorod terminali” tadqiqot loyihasi vodorod zanjiridagi texnologiyalarni har tomonlama tahlil qilish, modellashtirish va sinovdan o‘tkazishga qaratilgan. Qayta tiklanadigan energiyani transportirovka qilish va saqlash energetik o‘tishning eng muhim muammosi sifatida tariflanmoqda. Yechim energiya tashuvchi sifatida vodoroddan foydalanish texnologiyalari bilan bog‘liq holda ishlab chiqiladi.
Loyiha doirasida qayta tiklanadigan energiya manbalaridan foydalanib, elektroliz usuli bilan vodorod ishlab chiqariladi, so‘ngra avtomobil transporti yoki mahalliy vodorod quvuri orqali tashiladi va saqlanadi.
Kristof Xermann va loyihada ishtirok etayotgan Gamburg universiteti texnik elektrokataliz laboratoriyasi rahbari professor Mehtap O‘zaslan o‘zbekistonlik sheriklar bilan o‘zaro tajriba almashish, birgalikda tadqiqotlarni amalga oshirishga tayyorligini bildirdi.
Shuningdek, Braunshvayg texnika universitetining Quyi Saksoniya avtomobil mashinasozligi sohasida tadqiqotlar markazi (NFF) faoliyati bilan tanishildi.
Markaz boshqaruvi kengashi raisi Tomas Fitorning so‘zlariga ko‘ra, NFF GFRdagi eng zamonaviy mobillikni tadqiq qilish markazlaridan biri bo‘lib, transport vositalari va yo‘l harakati sohasidagi istiqbolli mavzularni tahlil qilishga ixtisoslashgan. Markazda 160 dan ortiq mutaxassisligi bo‘yicha olim va tadqiqotchilar faoliyat yuritadi. Uning faoliyati uchun 60 million yevro qiymatidagi moliyalashtirish jalb qilingan.
Transport texnologiyalari va foydalanish modellarini rivojlantirishga qo‘yiladigan mavjud ijtimoiy, ekologik va iqtisodiy talablarga asoslanib, NFF barqaror mobillik konsepsiyasini ishlab chiqishni oldiga maqsad qilgan.
Ushbu tashabbus doirasida beshta ilmiy tadqiqot yo‘nalishida –avtomatlashtirilgan va tarmoqli haydash, emissiyasiz transport vositalari va quvvatlash qurilmalari/infratuzilmasi, transport vositalarining moslashuvchan konsepsiyalari va transport vositalarini ishlab chiqarish, harakatchanlikni o‘zgartirish, raqamlashtirish va sunʼiy intellekt - ishlar olib borilmoqda va ular megapolislarda harakatchanlikka bo‘lgan individual ehtiyojlarni barqaror taʼminlashga qaratilgan.
Nemis tomoni O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan transport va avtomobil sanoati sohasidagi keng ko‘lamli islohotlarni inobatga olgan holda, o‘zbekistonlik hamkorlar bilan o‘zaro manfaatli aloqalarni o‘rnatishga va tajriba almashishga tayyorligini maʼlum qildi.
“Invent GmbX” kompaniyasi rahbariyati Xening Vixmann va Xristof Chepelar bilan uchrashuvda yuqori texnologiyalar sohasida hamkorlik imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.
Ushbu kompaniya kosmonavtika va aviatsiya sohalari uchun innovatsion texnologiyalar, tolali kompozitlar asosida tegishli konstruksiyalarni to‘liq siklda ishlab chiqarishga ixtisoslashgan. Hozirda nemis kompaniyasi dunyoning ushbu yo‘nalishlarda faoliyat yuritayotgan yirik va yetakchi kompaniyalarga o‘z mahsulotlarini yetkazib bermoqda.
Xorij tomoni va yurtimizning tegishli tashkilotlari o‘rtasida hamkorlik istiqbollarini muhokama qilish uchun muzokaralar tashkil etishga kelishildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
Pokiston bilan charmsanoat bo‘yicha hamkorlik yo‘lga qo‘yiladi
O‘zbekiston–Pokiston o‘rtasida banklararo hamkorlik aloqalari rivojlantiriladi