Pokiston bilan charmsanoat bo‘yicha hamkorlik yo‘lga qo‘yiladi
Dekabr 12, 2025. 09:39 • 2 daq
• 87GUJRANVALA, 12-dekabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchisi Alisher To‘xtayev Pokistonning Gujranvala shahriga tashrifi davomida Gujranvala charm-texnologiyalari instituti direktori Muhammad Ather Raza Zaidi bilan uchrashuv o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Dastlab institut faoliyati bilan tanishildi. Institut rahbari Muhammad Ather Raza Zaidi bilan ikki tomonlama o‘zaro manfaatli hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish, terini qayta ishlash yo‘nalishida kadrlar tayyorlash, o‘zbekistonlik mutaxassislar uchun qisqa muddatli malaka kurslarini tashkil etish masalalari ko‘rib chiqildi.
O‘zbekiston elchisi Pokiston tomoniga mamlakatimizda charm sanoatini rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar, yirik investitsiya loyihalari haqida so‘zlab berdi. Mazkur sohada ish o‘rni va eksportbop mahsulot yaratadigan, yuqori daromad keltiradigan kichik va o‘rta korxonalar soni ortayotgani, tadbirkorlik uchun keng sharoit yaratilgani, charmga ixtisoslashgan kichik sanoat zonalari tashkil qilingani maʼlum qilindi.
Mazkur bilim yurti rahbariyati bilan charm mahsulotlarini qayta ishlash yo‘nalishida malakali mutaxassislarni tayyorlash bo‘yicha hamkorlik qilish yuzasidan O‘zbekiston tomoni bilan sheriklikni yo‘lga qo‘yish masalalari muhokama qilindi.
“O‘zbekiston tomoni barcha yo‘nalishlarda hamkorlik, xususan, charm-terini qayta ishlash bo‘yicha yangi texnologiyalarni jalb etishga ko‘maklashishga tayyormiz”, – deydi institut direktori Muhammad Ather Raza Zaidi.
Muzokaralar natijasida sheriklikning aniq yo‘nalishlarini belgilab olish maqsadida Gujranvala Charm-texnologiyalari instituti va “O‘zbekiston charmsanoat” uyushmasi mutasaddilari o‘rtasida videokonferensiya shaklida uchrashuv tashkil etishga kelishib olindi.
Gujranvala Charm-texnologiyalari instituti 1949-yilda Pokiston hukumati tomonidan tashkil etilgan. Institut charmga ishlov berish va poyabzal ishlab chiqarish texnologiyalari yo‘nalishlarida qisqa hamda 1 yildan 4 yilgacha bo‘lgan kasbiy taʼlim kurslarini taklif etadi. Bitiruvchilarga Pokiston texnik taʼlim va kasbiy tayyorgarlik agentligi tomonidan tasdiqlangan sertifikat va diplom taqdim etiladi. Hozirgi vaqtda taʼlim muassasasida 150 nafar o‘quvchi tahsil olmoqda.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
Germaniya bilan innovatsiya sohasida yangi loyihalar yo‘lga qo‘yiladi
O‘zbekiston–Pokiston o‘rtasida banklararo hamkorlik aloqalari rivojlantiriladi


