Xitoydagi ko‘mir konida so‘nggi 16-yildagi eng yirik halokat oqibatida 90 ga yaqin kishi halok bo‘ldi
May 23, 2026. 16:00 • 2 daq
• 131
TAYYUAN, 23-may. /“Dunyo” AA/. Xitoy shimolidagi Shansi provinsiyasida joylashgan ko‘mir konida gaz portlashi oqibatida kamida 90 kishi halok bo‘ldi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri “South China Morning Post” gazetasiga tayanib tayanib.
Qayd etilishicha, bu mamlakat ko‘mir korxonalarida 2009-yildan beri yuz bergan eng yirik halokat hisoblanadi.
Portlash 22-may kuni kechqurun Sin’yuan uyezdidagi «Liushenyu» konida sodir bo‘lgan. Halokat vaqtida yer ostida 247 nafar ishchi bo‘lgan.
Mahalliy favqulodda vaziyatlar xizmatlari portlash sabablari hozirda o‘rganilayotganini ma’lum qildi. Shansi — Xitoyning eng yirik ko‘mir qazib oluvchi hududi hisoblanadi.
Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin rasmiy idoralarni jabrlanganlarni qutqarish va ularga tibbiy yordam ko‘rsatish uchun bor kuch-g‘ayratini safarbar etishga, shuningdek, sinchkovlik bilan tergov o‘tkazib, aybdorlarning qat’iy javobgarlikka tortilishini ta’minlashga chaqirdi. Xitoy Davlat kengashi Bosh vaziri Li Syan esa jamoatchilikni tezkor va aniq xabardor qilib borishni talab etdi.
Voqea joyiga umumiy hisobda 755 nafar a’zodan iborat yettita qutqaruv va tibbiyot guruhlari yuborilgan. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, tirik qolganlarni qidirish ishlari davom etmoqda.
Mazkur kon «Shanxi Tongzhou Group Liushenyu Coal Industry» kompaniyasi tomonidan boshqariladi. Kon operatori bo‘lgan ushbu kompaniya rahbariyati hibsga olingani xabar qilindi.
Xitoyda xavfsizlik choralari kuchaytirilgani tufayli 2000-yillarning boshidan buyon ko‘mir konlaridagi avariyalar soni sezilarli darajada kamaygan, biroq bu kabi fojialar hali ham sodir bo‘lmoqda. 2009-yilda Xeylunszyan provinsiyasida gaz va ko‘mir chiqindisi otilishi natijasida 108 kishi halok bo‘lgan, yana 133 kishi jarohatlangan edi.
«Reuters» agentligi fotosurati
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi




