Misrda ikki poyezd to‘qnashishi oqibatida to‘rtta vagon ag‘darilib ketdi
Noyabr 09, 2026. 13:00 • 2 daq
• 147
GIZA, 9-noyabr. /“Dunyo” AA/. Kecha Misrning Giza viloyati Al-Ayyat tumanida temir yo‘l halokati oqibatida ikki poyezd to‘qnashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri “BBC” nashriga tayanib.
Rasmiylarning ma’lum qilishicha, Gizadan Al-Fayyumga yo‘l olgan poyezd Qohira–Asvon yo‘nalishida harakatlanayotgan poyezdning orqa qismiga borib urilgan. Ushbu temir yo‘l halokati natijasida kamida yetti kishi halok bo‘lgan, 112 nafar odam jarohatlangan.
Sog‘liqni saqlash vazirligi xabariga ko‘ra, halok bo‘lganlar orasida poyezd mashinisti ham bor. Voqea joyiga 72 ta tez yordam mashinasi yetib kelgan. Halokat sodir bo‘lgan hududdagi shifoxonalar yuqori shaylik holatiga keltirilgan. Gizaning janubiy qismida temir yo‘l qatnovi vaqtincha to‘xtatilgan.
Fojia sabablari hozircha aniqlanmagan. Misr Prezidenti Abdulfattoh as-Sisi hodisa tafsilotlarini zudlik bilan tekshirish bo‘yicha topshiriq berdi. Bosh vazir Mustafo Madbuliy qurbonlarning oila a’zolariga ta’ziya bildirib, ularga har tomonlama yordam ko‘rsatilishini ma’lum qildi.
Nashrning qayd etishicha, mazkur halokat Misr tarixidagi yirik temir yo‘l fojiasi yuz bergan joy yaqinida sodir bo‘lgan. 2002-yil fevral oyida Qohira–Luksor poyezdida yong‘in chiqishi oqibatida 370 dan ziyod kishi halok bo‘lgan edi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi