Logo

Ar-Riyozda kurash bo‘yicha shahar chempionati bo‘lib o‘tadi

Aprel 24, 2026. 11:28 • 2 daq

120
Ar-Riyozda kurash bo‘yicha shahar chempionati bo‘lib o‘tadi

AR-RIYOZ, 24-aprel. /“Dunyo” AA/. Saudiya Arabistoni poytaxtida kurash bo‘yicha shahar chempionati boshlandi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri “Arriyadiyah” axborot agentligiga tayanib.

Ikki kun davom etadigan musobaqa Saudiya Arabistoni kurash qo‘mitasi tomonidan tashkil etildi. Mazkur chempionatda erkaklar va ayollar o‘rtasida barcha yosh toifalari bo‘yicha g‘oliblar aniqlanadi.

Saudiya agentligida eʼlon qilingan maqolada kurash tarixi va o‘ziga xos jihatlariga alohida to‘xtalib o‘tilgan. Jumladan, kurashning boshqa yakkakurashlardan, masalan, erkin kurashdan farqli jihatlari bayon etilgan.

Kurashda tizza yerga tegmagan holda, tik turgan holatda raqib kuragini yerga tekkizish kerak. Polvonlar “yaxtak” deb ataydigan kiyim kiyib, bellariga qizil belbog‘ bog‘laydi. Bu raqibni nazorat qilish va usullarni qo‘llashda asosiy vosita bo‘lib xizmat qiladi.

Materialda kurashning zamonaviy sport turi sifatida shakllanishida Komil Yusupovning hissasini alohida qayd etgan. 1980-yillarda Olimpiya o‘yinlari andozalari asosida vazn toifalari va vaqt meʼyorlarini (2 daqiqadan 4 daqiqagacha) o‘z ichiga olgan yagona qoidalar ishlab chiqildi. Hakamlarning kurashchilar qo‘llaydigan usullarni ifodalashi hamda ularning harakatini baholashi uchun sof o‘zbekcha (halol, chala, yonbosh, tanbeh, dakki, g‘irrom kabi) atamalar joriy etildi.

1992-yilda Sohibqiron Amir Temur xotirasiga bag‘ishlangan birinchi xalqaro turnirdan so‘ng kurash dunyo bo‘ylab mashhur bo‘la boshladi.

Jahonning turli nuqtalarida kurash bo‘yicha xalqaro turnirlar hamda Afrika, Yevropa, Osiyo, Okeaniya va Amerika qitʼalarida qitʼa chempionatlari muntazam o‘tkazib kelinmoqda. Saudiya Arabistonida ushbu sport turining ommalashishi O‘zbekiston milliy merosining global miqyosdagi eʼtirofi sifatida baholanmoqda.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish