“Daily News Hungary”: O‘zbekistonda suv resurslaridan oqilona foydalanish yangi bosqichga ko‘tarilmoqda
Aprel 21, 2026. 17:55 • 3 daq
• 107
BUDAPESHT, 21-aprel. /“Dunyo” AA/. Vengriyaning nufuzli “Daily News Hungary” onlayn nashrida O‘zbekistonda suvdan samarali foydalanish borasida amalga oshirilayotgan islohotlarga bag‘ishlangan maqola eʼlon qilindi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Maqolada yozilishicha, bugungi kunda dunyoda suv resurslariga bo‘lgan talab yil sayin oshib bormoqda. Ayniqsa, iqlim o‘zgarishi, aholi sonining ko‘payishi va qishloq xo‘jaligida suvga bo‘lgan ehtiyojning ortishi bu masalani yana-da dolzarb qilmoqda. Shu nuqtai nazardan, Markaziy Osiyoda umumiy suv resurslaridan oqilona foydalanish nafaqat iqtisodiy, balki mintaqaning xavfsizligi va barqaror rivojlanishi uchun ham hal qiluvchi ahamiyatga ega.
O‘zbekistonda so‘nggi yillarda suvdan samarali foydalanish masalasi davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi. Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilayotgan tashabbuslar, ayniqsa, suv xavfsizligini taʼminlash va ekologik muammolarning oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlar nafaqat mamlakat ichida, balki butun mintaqada keng qo‘llab-quvvatlanmoqda.
Bu borada eng muhim yo‘nalishlardan biri – zamonaviy suv tejovchi texnologiyalarni joriy etishdir. Xususan, tomchilatib va yomg‘irlatib sug‘orish kabi usullar qishloq xo‘jaligida suvdan foydalanish samaradorligini sezilarli darajada oshiradi. Bu texnologiyalar suv sarfini kamaytirish bilan birga, mineral o‘g‘itlar, yoqilg‘i va mehnat xarajatlarini qisqartiradi, eng muhimi, hosildorlikni oshirishga xizmat qiladi.
“O‘zbekiston–2030” strategiyasida barcha sug‘oriladigan yerlarda suv tejovchi texnologiyalarni keng joriy etish ustuvor vazifa sifatida belgilab qo‘yilgani ham bejiz emas. So‘nggi yillarda amalga oshirilgan ishlar ham bu siyosatning samaradorligini tasdiqlamoqda. Jumladan, 2019–2025-yillar davomida O‘zbekistonda yuz minglab gektar yerlarda tomchilatib va yomg‘irlatib sug‘orish joriy etildi, zamonaviy sug‘orish usullari keng qo‘llanildi.
Kelgusi rejalar esa yana-da keng ko‘lamli. Xususan, 2028-yilga qadar suv tejovchi texnologiyalar joriy etilgan yer maydonini 3,5 million gektarga yetkazish rejalashtirilgan. Bu mamlakatdagi barcha sug‘oriladigan yerlarning qariyb 80 foizini qamrab oladi. Bu esa suv resurslaridan foydalanishda mutlaqo yangi bosqichga o‘tishni anglatadi.
Nashrda taʼkidlanishicha, muhim jihatlardan yana biri – kadrlar tayyorlash masalasidir. “Suvchilar maktabi” kabi loyihalar orqali ko‘plab mutaxassislarning malakasini oshirish, ularni xalqaro tajriba bilan tanishtirish ishlari olib borilmoqda. Bu esa sohadagi islohotlarning uzluksiz va samarali amalga oshirilishini taʼminlaydi.
Albatta, barcha saʼy-harakatlarning markazida bitta asosiy g‘oya yotadi – suvni tejashni hayot tarziga aylantirish. Chunki suv bu faqat resurs emas, balki kelajakni belgilaydigan strategik boylikdir.
O‘zbekistonda suv resurslaridan oqilona foydalanish, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish va bu sohadagi islohotlarni chuqurlashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar yangi bosqichga ko‘tarilmoqda. Endigi eng muhim vazifa – bu jarayonga barchani jalb qilish va suvni tejashni umummilliy qadriyatga aylantirishdir.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi