Logo

O‘zbekiston elchisi Pokiston bilan hamkorlikning yangi bosqichlari haqida so‘zlab berdi

Aprel 21, 2026. 11:35 • 3 daq

146
O‘zbekiston elchisi Pokiston bilan hamkorlikning yangi bosqichlari haqida so‘zlab berdi

ISLOMOBOD, 21-aprel. /“Dunyo” AA/. Pokistonning yetakchi “The Diplomatic Insight” jurnalida O‘zbekiston elchisi Alisher To‘xtayev bilan intervyu eʼlon qilindi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Suhbat chog‘ida O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasidagi strategik sheriklik rivojlanishining hozirgi darajasi baholanib, O‘zbekiston–Pokiston ko‘p qirrali hamkorligining ustuvor yo‘nalishlari va joriy natijalari qayd etildi.

Xususan, elchi taʼkidlaganidek, so‘nggi yillarda O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasida oliy va yuqori darajada muntazam siyosiy muloqot faollashdi. Prezident Shavkat Mirziyoyevning shu yil 5–6-fevral kunlari Pokistonga amalga oshirgan davlat tashrifi tarixiy ahamiyat kasb etdi.

Shu bilan birga, O‘zbekiston Prezidenti va Pokiston Bosh vaziri telefon muloqotlari orqali ham o‘zaro fikr almashdi. Bo‘lib o‘tgan muloqotlar natijasida ikki tomonlama hamkorlikning turli sohalardagi ustuvor vazifalari belgilab olindi.

Elchining so‘zlariga ko‘ra, bugungi global noaniqliklar davrida jahon iqtisodiyoti jiddiy muammolarga duch kelmoqda. Bu holat savdo, iqtisodiyot, investitsiya va madaniy-gumanitar sohalarda xalqaro hamkorlikning rivojlanishiga salbiy taʼsir ko‘rsatmoqda. O‘zbekiston va Pokiston ham bu jarayondan mustasno emas.

Bunday sharoitda mamlakatlarimiz aholisini zarur oziq-ovqat mahsulotlari, dori-darmonlar va tibbiy buyumlar bilan uzluksiz taʼminlash masalalari ayniqsa dolzarbdir. Ishlab chiqarish va yetkazib berish zanjirlari, xalqaro va mintaqalararo transport va aloqa yo‘llari, avtomobil va temir yo‘l transportida uzilishlar mavjudligini hisobga olib, mintaqada transport va tranzit yo‘nalishlarining diversifikatsiya qilingan tizimini shakllantirish bo‘yicha harakatlarni faollashtirish muhimdir.

Shu bilan birga, intervyuda O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarning holati batafsil tahlil qilingan. Yangi transport yo‘laklarini ochish, xususan, Transafg‘on temir yo‘li loyihasini amalga oshirishning muhim jihatlari haqida to‘xtalib o‘tilgan.

“O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlik ikki tomonlama kun tartibining eng muhim ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi, — deya fikr bildirgan elchi. — Xususan, o‘zaro tovar aylanmasi hajmini 2 milliard AQSH dollariga yetkazish maqsad qilingan. Asosiy ustuvor yo‘nalishlar sifatida sanoat kooperatsiyasi, farmatsevtika va to‘qimachilik sanoati, qishloq xo‘jaligi, transport va logistika sohalari belgilangan”.

Shuningdek, suhbatda yuqori texnologiyalar, raqamli iqtisodiyot, elektron tijorat va qishloq xo‘jaligiga innovatsiyalarni joriy etish kabi sohalarda hamkorlik qilish imkoniyatlari haqida ham so‘z yuritilgan.

Diplomatning aytishicha, O‘zbekiston Pokiston bilan aniq innovatsion, infratuzilmaviy, transport, kommunikatsiya va energetika loyihalarini amalga oshirish tarafdori. Bu mamlakatlarimiz o‘rtasidagi sheriklikka barqarorlik baxsh etadi va aholi farovonligini oshirishga hissa qo‘shadi.

Bundan tashqari, intervyuda turizm va gumanitar aloqalarni rivojlantirish masalalari ham batafsil yoritilgan. Qayd etilishicha, ushbu yo‘nalishlarda muhim chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Avvalo, viza rejimlarini yengillashtirish va insonlar o‘rtasidagi almashuv uchun qulay shart-sharoitlar yaratilmoqda. Bu borada biznes va turistik safarlarni soddalashtirishga qaratilgan tizimli ishlar olib borilmoqda. Shuningdek, madaniy tadbirlar, festivallar va ko‘rgazmalarni tashkil etishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

“Yana bir jihatni eʼtiborsiz qoldirmaslik kerak, O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasida aviaqatnovlar soni haftasiga 4 taga yetkazildi. Xususan, Toshkent–Lahor yo‘nalishida 2 ta, Islomobod–Toshkent yo‘nalishida 2 ta aviareys amalga oshirilmoqda. Ulardan 3 tasi 2025-yilda yo‘lga qo‘yildi. Ushbu reyslar ishga tushganidan buyon 30 mingdan ortiq yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatildi. Yaqinda Toshkent–Lahor yo‘nalishi bo‘yicha qo‘shimcha aviaparvozlar ochilishi kutilmoqda. Shuningdek, O‘zbekistonni Karachi shahri bilan bog‘laydigan havo qatnovlarini yo‘lga qo‘yish yuzasidan ham muzokaralar davom etmoqda”, – degan O‘zbekiston elchisi.

Alisher To‘xtayev intervyu yakunida O‘zbekiston Pokiston bilan barcha yo‘nalishlarda o‘zaro manfaatli va konstruktiv hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha amaliy choralarni ishlab chiqishga tayyor ekanini bildirdi. Mamlakatlarimizning Markaziy va Janubiy Osiyoning markazida joylashgani hamda keng xalqaro hamkorlik uchun ochiqligi umumiy uzoq muddatli manfaatlarga xizmat qilishini taʼkidlangan.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish