Logo

O‘zbekiston va Polsha o‘rtasida moliyaviy hamkorlik yangi bosqichga chiqmoqda

Aprel 24, 2026. 11:00 • 2 daq

126
O‘zbekiston va Polsha o‘rtasida moliyaviy hamkorlik yangi bosqichga chiqmoqda

VARSHAVA, 24-aprel. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchixonasida Polsha Milliy iqtisodiyot banki (“BGK”) vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Unda bank boshqaruvi raisi o‘rinbosari Yaroslav Dambrovski, Xalqaro hamkorlik departamenti direktori Piotr Yablonskiy hamda Xalqaro biznes va hamkorlik boshqarmasi rahbari Yoanna Vengrjin ishtirok etdi.

Muzokaralar davomida O‘zbekiston–Polsha o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy va bank-moliya sohalaridagi hamkorlikning bugungi holati hamda rivojlanish istiqbollari atroflicha muhokama qilindi.

Polshalik tadbirkorlarning O‘zbekiston bozoriga qiziqishi tobora ortib bormoqda. 2025-yil oktyabr oyida Krakov shahrida tashkil etilgan “O‘zbekiston Markaziy Osiyoga darvoza – O‘zbekistonda biznes qiling” mavzusidagi yirik biznes-forum natijalari bank tomonidan ijobiy baholandi.

“BGK” vakillari forum yakunlari bo‘yicha energetika, farmatsevtika, logistika va axborot texnologiyalari kabi ustuvor yo‘nalishlarda qator o‘zaro manfaatli savdo va investitsiya loyihalarini moliyalashtirish yuzasidan muhim qarorlar qabul qilinganini taʼkidladi.

Uchrashuv yakunida Polsha Milliy iqtisodiyot banki hamda O‘zbekistonning tegishli moliya tashkilotlari o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumini imzolash, shuningdek, bank delegatsiyasining joriy yil may–iyun oylarida Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadigan xalqaro anjumanlarda ishtirok etishi yuzasidan kelishuvga erishildi.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

dunyo@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish