Germaniyada O‘zbekistonning transport-logistika imkoniyatlariga e’tibor qaratildi

Noyabr 14, 2026. 13:00 • 2 daq

• 4
Germaniyada O‘zbekistonning transport-logistika imkoniyatlariga e’tibor qaratildi

FRANKFURT-MAYN, 12-noyabr. /“Dunyo” AA/. Germaniyaning “Ro‘dl GmbH” kompaniyasi saytida O‘zbekistonning transport-logistika sohasida xorijiy investorlar uchun yaratayotgan imkoniyatlariga bag‘ishlangan maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Maqolada O‘zbekiston Markaziy Osiyoning muhim transport-logistika markazlaridan biri sifatida o‘z mavqeini mustahkamlab borayotgani, sohani rivojlantirish va xorijiy investitsiyalarni jalb etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlar haqida so‘z yuritilgan.

Xususan, 2030-yilga qadar transport-logistika markazlarining yillik quvvatini 40 million tonnaga, transport-logistika xizmatlari eksportini 3,5 milliard dollarga, tranzit yuk tashish hajmini esa 18,5 million tonnaga yetkazish belgilangani qayd etilgan.

Materialda xorijiy investorlar uchun yaratilgan soliq va bojxona imtiyozlariga alohida e’tibor qaratilgan. Jumladan, belgilangan talablarga javob beradigan transport-logistika markazlari 2040-yilga qadar yer va mol-mulk solig‘idan ozod etiladi. 2029-yil 1-avgustga qadar mamlakatda ishlab chiqarilmaydigan ayrim uskuna va texnika vositalarini olib kirishda bojxona imtiyozlari beriladi.

Shu bilan birga, Andijon, Buxoro, Surxondaryo va Toshkent viloyatlarida yangi logistika markazlari, xalqaro quruq portlar va bojxona terminallarini barpo etish, mavjud temir yo‘l infratuzilmasini modernizatsiya qilish rejalashtirilgan.

Mazkur loyihalarni moliyalashtirish uchun-2027-yilda kamida 200 million dollar miqdorida imtiyozli kredit mablag‘larini jalb etish ko‘zda tutilgan.

Qayd etilishicha, ushbu islohotlar Germaniya kompaniyalari uchun ham transport-logistika, ombor xo‘jaligi, maxsus uskunalar ishlab chiqarish va raqamli texnologiyalar sohalarida hamkorlik qilish uchun yangi imkoniyatlar yaratadi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish