Tehrondan munosabat: O‘zbekistonda iqlim siyosati bo‘yicha davlat tizimi shakllanmoqda

Noyabr 14, 2026. 12:00 • 3 daq

• 84
Tehrondan munosabat: O‘zbekistonda iqlim siyosati bo‘yicha davlat tizimi shakllanmoqda

TEHRON, 17-noyabr. /“Dunyo” AA/. Eronning “Ala Tejarat Mahad Qabous” kompaniyasi boshqaruvi raisi Sulaymon Xivechi “Dunyo” AAga O‘zbekiston Prezidentining Antaliyada bo‘lib o‘tgan BMTning Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha Hadli konvensiyasi tomonlari konferensiyasining 31-sessiyasi (COP31) doirasidagi Butunjahon yetakchilar sammitidagi ishtiroki xususida fikr bildirdi.

– O‘zbekistonda ekologiya sohasiga davlat siyosati darajasida e’tibor qaratiladi. Mamlakat yetakchisining ushbu anjumandagi ishtiroki xalqaro nufuzni mustahkamlash, sheriklik aloqalarini kengaytirish va mintaqaviy tashabbuslarni ilgari surish uchun muhim imkoniyatlar yaratadi. So‘nggi yillarda iqlim o‘zgarishi bo‘yicha kun tartibi O‘zbekiston ichki va tashqi siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi.

Mintaqaviy hamkorlik bu borada alohida ahamiyatga ega. Suv resurslari taqchilligi, cho‘llanish va yerlar degradatsiyasi Markaziy Osiyoning barcha mamlakatlariga, xususan, Eronga ham daxldordir. Ushbu xavf-xatarlarga faqat davlatlarning o‘zaro kelishilgan harakatlari orqaligina samarali yechim topish mumkin.

Iqlim o‘zgarishi borasidagi O‘zbekiston va Eron hamkorligi ikki tomonlama munosabatlarning istiqbolli yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Har ikki davlat ham umumiy ekologik tahdidlar – qurg‘oqchilik, suv tanqisligi, yerlarning degradatsiyasi, harorat ko‘tarilishi va biologik xilma-xillikning qisqarishiga duch kelmoqda.

O‘zbekiston va Eron qurg‘oqchil hamda yarim qurg‘oqchil mintaqalarda joylashgani sababli, mamlakatlarimiz iqlim o‘zgarishiga moslashish choralarini rivojlantirish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish va ekologik barqaror iqtisodiyotni shakllantirishdan manfaatdor.

Orol dengizining qurishi oqibatlari, tuproq sho‘rlanishi, ekotizimlarning tanazzulga uchrashi hamda Amudaryo va Sirdaryoning transchegaraviy suv resurslariga tobelik O‘zbekiston uchun katta muammo sanaladi.

Eronda esa yerosti suvlari zaxiralarining kamayishi, Urmiya ko‘li sathining pasayishi, daryolar va suv havzalarining qurishi, qishloq xo‘jaligida me’yordan ortiq suv sarflanishi hamda anomal issiqlik to‘lqinlarining tez-tez takrorlanishi eng jiddiy muammolar sirasiga kiradi.

2022-yil 14-sentyabrda imzolangan atrof-muhit va tabiatni muhofaza qilish sohasidagi o‘zaro anglashuv memorandumi hamkorligimizning muhim huquqiy asosiga aylandi. Ushbu hujjat ekologiya sohasida ikki tomonlama aloqalarni yanada rivojlantirish uchun mustahkam zamin yaratdi.

O‘zbekiston va Eronning iqlim siyosati borasidagi hamkorligi istiqbolli, deb hisoblayman. Umumiy ekologik muammolar ikki davlatning ilmiy, texnologik va institutsional imkoniyatlarini birlashtirish uchun qulay shart-sharoit yaratmoqda.

Kelgusida umumiy ekologik muloqotdan aniq qo‘shma iqlim loyihalarini hayotga tatbiq etishga o‘tish muhimdir. Bunday tashabbuslar aniq muddatlar, moliyalashtirish mexanizmlari va erishiladigan natijalarni o‘z ichiga olishi lozim.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish