Sun Veydun: O‘zbekistonda tarixiy o‘zgarishlar yuz berib, mamlakat jadal yuksalish va barqaror o‘sish davrini boshdan kechirmoqda
Avgust 13, 2026. 08:10 • 7 daq
• 29
PEKIN, 13-avgust. /“Dunyo” AA/. “Markaziy Osiyo va Xitoy” formati kotibiyati bosh kotibi Sun Veydun mamlakatimiz mustaqilligining 35 yilligi arafasida “Dunyo” AA orqali yurtdoshlarimizga o‘zining samimiy tabrigi va ezgu tilaklarini yo‘lladi.
– Avvalo, mamlakat mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan O‘zbekiston xalqi va rahbariyatini chin dildan qutlayman. Do‘st davlatga tinchlik, xotirjamlik va farovonlik tilayman.
Mustaqillikning 35 yili davomida davlat qurilishi, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish, aholi farovonligini oshirish hamda mamlakatning o‘z milliy modelini yaratish borasida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirildi. Bunday saʼy-harakatlar yurt taraqqiyoti uchun ko‘plab imkoniyatlar yaratdi.
Ayniqsa, so‘nggi o‘n yillikda O‘zbekistonda tarixiy o‘zgarishlar ro‘y berdi. Mamlakat yuksalish va barqaror o‘sish davrini boshdan kechirmoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida O‘zbekiston samarali ichki va tashqi siyosatni amalga oshirmoqda, siyosiy islohotlar kengaymoqda. Milliy taraqqiyot strategiyalari izchil rivojlantirilib, tashqi dunyoga ochiqlik siyosati davom etmoqda. Sarmoyaviy muhit sezilarli darajada yaxshilandi, “yashil” transformatsiyaga o‘tish jadallashib, davlat boshqaruvi tizimi yanada samarali bo‘lib bormoqda.
Shu bilan birga, O‘zbekiston Markaziy Osiyoda yaxshi qo‘shnichilik va o‘zaro ishonchni mustahkamlashni tashqi siyosatning bosh ustuvor yo‘nalishi etib belgiladi. Mamlakatning mintaqaviy va xalqaro miqyosdagi o‘rni hamda nufuzi muttasil ortib bormoqda. Bu muhim natijalarning barchasi Yangi O‘zbekistonni barpo etish uchun mustahkam poydevor yaratdi.
O‘zbekistondagi islohotlarning ijobiy samarasi aniq statistik ko‘rsatkichlarda yaqqol namoyon bo‘lmoqda. 2025-yilda O‘zbekistonning iqtisodiy o‘sishi 7,7 foiz, xorijiy sarmoyalar hajmi 43 milliard dollar, tashqi savdo aylanmasi esa 81,2 milliard dollarni tashkil etdi. So‘nggi yillarda jalb qilingan chet el investitsiyalari umumiy hajmi 150 milliard dollardan oshdi.
2026 yilning birinchi yarmida O‘zbekiston iqtisodiyotining o‘sishi 8,5 foiz, sarmoyalar hajmi 28 milliard dollar, eksport 14,4 milliard dollar bo‘ldi. Jahon iqtisodiyotida umumiy pasayish kuzatilayotgan pallada O‘zbekiston o‘sish surʼatlarini namoyish etmoqda.
Xitoy O‘zbekiston uchun yirik savdo va sarmoyaviy hamkor hisoblanadi. 2025-yilda o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 18 milliard dollarga yetib, 2024-yilga nisbatan 17,8 foizga ko‘paydi. 2026-yilning birinchi yarmida tovar ayirboshlash hajmi 8,9 milliard dollarni tashkil etib, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 32,8 foizga o‘sdi.
O‘zbekiston hududida Xitoyning 6 mingga yaqin korxonasi faoliyat yuritmoqda. O‘zaro hamkorlik qayta tiklanuvchi energiya manbalari, neft-gaz va kimyo sanoati, qishloq xo‘jaligi, moliya, to‘qimachilik, logistika, avtomobilsozlik kabi ko‘plab yo‘nalishlarni qamrab olgan.
Xalqaro vaziyat tobora murakkablashib borayotgan ayni pallada O‘zbekistonning Markaziy Osiyoda yaxshi qo‘shnichilik aloqalarini mustahkamlashga qaratilgan ochiq, pragmatik va faol tashqi siyosati mintaqa xalqlari manfaatlariga to‘la mos keladi. Bu siyosat Markaziy Osiyo mamlakatlarining xavfsizlik va taraqqiyot bo‘yicha tashqi tahdidlarga qarshi birgalikda harakat qilishida yordam beradi.
So‘nggi yillarda Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasida o‘zaro ishonch darajasi sezilarli darajada ortdi. Siyosiy, savdo-iqtisodiy, transport va gumanitar sohalardagi aloqalar, mintaqaviy integratsiya jarayoni yanada kengaydi.
Bu jarayonda Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvlari formati muhim ahamiyat kasb etmoqda. 2025-yil noyabr oyida Toshkent shahrida VII Maslahat uchrashuvi muvaffaqiyatli o‘tkazildi hamda unda mintaqaviy hamkorlikni kengaytirishning asosiy yo‘nalishlari belgilab olindi.
O‘zbekiston Tojikiston va Qozog‘iston bilan ittifoqchilik munosabatlarini o‘rnatganidan so‘ng, Qirg‘iziston bilan ham shunday shartnoma imzolandi. Bu Markaziy Osiyoda mintaqaviy hamkorlik rivojlanishining ijobiy surʼatini ifodalaydi.
O‘zbekiston yetakchisi Markaziy Osiyoni tinchlik, barqarorlik va birgalikdagi taraqqiyot makoniga aylantirishga doimo intilib kelmoqda. Bu borada u mintaqaviy hamkorlik jarayonlarini ilgari surishga salmoqli hissa qo‘shmoqda. Biz Markaziy Osiyoning yanada jipslashgan, o‘zaro chambarchas bog‘langan va birgalikda rivojlanayotgan mintaqaga aylanib borayotganini kuzatayapmiz.
Bu tendensiya “Markaziy Osiyo – Xitoy” formati doirasidagi hamkorlikka ijobiy taʼsir ko‘rsatmoqda. O‘zbekiston bunday shakldagi sheriklik munosabatlarining tashkilotimizning muhim va faol ishtirokchisi bo‘lib, tashabbus va loyihalarimizni shakllantirish hamda rivojlantirishga salmoqli hissa qo‘shib kelmoqda.
2023-yilda Sian shahrida hamda 2025-yilda Ostonada bo‘lib o‘tgan birinchi va ikkinchi sammitlar “Markaziy Osiyo – Xitoy” formati rivojida muhim rol o‘ynadi. Xitoy va Markaziy Osiyoning beshta davlati rahbarlari Ostonada Abadiy yaxshi qo‘shnichilik, do‘stlik va hamkorlik to‘g‘risidagi shartnomani imzoladi. Natijada, ko‘p asrlik do‘stlik va uzoq muddatli sheriklikning mustahkam siyosiy poydevori yaratildi.
Ushbu tadbirlarda Prezident Shavkat Mirziyoyev barcha ishtirokchi mamlakatlarning manfaatlariga xizmat qiladigan qator tashabbuslarni ilgari surdi. Xususan, uzoq muddatli sheriklik konsepsiyasini ishlab chiqish, savdo aloqalari va transport sohasidagi o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlash, sanoat, elektron tijorat, yuqori texnologiyalar, “yashil” energetika, taʼlim va ilm-fan sohalarida hamkorlikni rivojlantirish borasidagi takliflar muhim ahamiyatga egadir.
Ayni paytda Kotibiyatning muvofiqlashtiruvi va ko‘magi ostida barcha mamlakatlar ushbu tashabbuslarni hayotga tatbiq etish bo‘yicha faol muzokaralar olib bormoqda. Eng muhimi, bunday tashabbuslarni butun mintaqa xalqlariga manfaat keltiradigan real qo‘shma loyihalarga aylantirishga intilmoqda.
Olti davlat rahbarlari hamkorlikning oltita ustuvor yo‘nalishini ham belgilab oldi. To‘siqsiz savdo, sanoat investitsiyalari, transport sohasidagi o‘zaro bog‘liqlik, foydali qazilmalarni tabiiy usulda o‘zlashtirish, qishloq xo‘jaligini modernizatsiya qilish va fuqarolar harakatlanishini soddalashtirish borasidagi tashabbuslar barchaga birdek manfaatli hisoblanadi.
Bugungi kunda Markaziy Osiyo mamlakatlari jadal iqtisodiy o‘sish va sanoatlashtirishning yangi davriga qadam qo‘ydi. Ishonchim komilki, yuqorida qayd etilgan yo‘nalishlar bo‘yicha hamkorlikni kengaytirish va rivojlantirish Xitoy hamda Markaziy Osiyo davlatlari uchun yangi o‘sish drayverlarini yaratadi.
Savdo sohasida Nankin shahrida “Markaziy Osiyo – Xitoy” to‘siqsiz savdo platformasi faoliyat yuritmoqda. Biz Markaziy Osiyoning barcha mamlakatlarini hamkorlik ehtiyojlarini kelishib olish va o‘zlarining sifatli mahsulotlarini Xitoy bozoriga olib chiqish uchun ushbu platformadan faol foydalanishga taklif qilamiz.
Savdo yuritishning yangi shakllari – raqamli savdo va xizmatlar sohasi jadal rivojlanmoqda. Shuningdek, olti davlat mintaqaviy savdo-iqtisodiy hamkorlikni chuqurlashtirish uchun institutsional mexanizmlarni ishlab chiqish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. Savdo, investitsiyalarni liberallashtirish va soddalashtirish bo‘yicha ham turli loyihalar o‘rganilmoqda.
Investitsiya sohasida Xitoyning Markaziy Osiyo mamlakatlariga kiritayotgan sarmoyalari hajmi muttasil o‘sib bormoqda. Qurilish, neft-gaz, energetika, elektromobillar ishlab chiqarish, raqamli infratuzilma kabi sohalarda Xitoy kapitali va texnologiyalari mahalliy sanoat va ishlab chiqarish loyihalariga tatbiq etilmoqda. Buning samarasi o‘laroq, Markaziy Osiyo mamlakatlarining milliy ishlab chiqarish zanjirlari takomillashmoqda, o‘zaro manfaatdorlikka erishilmoqda.
Transport aloqalari yo‘nalishida Markaziy Osiyo Yevroosiyo qitʼasining muhim tranzit markazi hisoblanadi. “Xitoy – Yevropa” yuk poyezdlarining ko‘plab yo‘nalishlari Markaziy Osiyo orqali o‘tib, Transkaspiy transport yo‘lagi bo‘ylab G‘arbiy Osiyo va Yevropaga yetib boradi. Ayni vaqtda Xitoy Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun Sharqiy, Janubi-Sharqiy Osiyo va Osiyo-Tinch okeani mintaqasi bozorlariga chiqish imkoniyatini yaratmoqda.
Hozirgi kunda “Xitoy–Qirg‘iziston–O‘zbekiston” temiryo‘li qurilishi muvaffaqiyatli davom etmoqda. U ishga tushirilgach, Markaziy Osiyoning Xitoy bilan transport aloqalari sezilarli darajada kengayadi, mintaqa mamlakatlarining xalqaro bozorlarni o‘zlashtirish imkoniyati ortadi.
Qishloq xo‘jaligini modernizatsiya qilish bo‘yicha hamkorlikning sinalgan modellari shakllangan va foydali tajriba to‘plangan. Ko‘rgazmali agroparklarni sheriklikda barpo etish, o‘simliklarning serhosil navlarini yaratish, agrotexnika yetkazib berish, qurg‘oqchil hududlarga maxsus qishloq xo‘jaligi va dehqonchilikni tatbiq etish katta istiqbollar ochmoqda.
Gumanitar almashinuv borasida Xitoy va O‘zbekiston o‘rtasida vizasiz rejim joriy etilgan. Bu fuqarolarning erkin va xavfsiz safarlarini ancha osonlashtiradi. Bundan tashqari, Xitoy va Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasida yangi havo yo‘nalishlari ochilmoqda, to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yilib, shaharlararo muntazam reyslar soni ortib bormoqda.
Istiqbolga nazar tashlasak, islohotlarning kengayishi bilan O‘zbekistonning rivojlanish tendensiyasi yangi bosqichga ko‘tarilayotganini ko‘ramiz. Mamlakat mintaqaviy iqtisodiy o‘sish drayveri bo‘lib, mintaqalararo aloqalarning tranzit markaziga aylanmoqda.
Eng muhimi, O‘zbekiston ushbu maqsadlarga erishish uchun barcha zarur shart-sharoitlarga ega: strategik geografik joylashuv, izchil islohotlar va ochiqlik siyosati, o‘sib borayotgan ichki bozor, boy tabiiy resurslar va aholining yosh tarkibi.
Shu bilan birga, O‘zbekistonning taraqqiyoti butun Markaziy Osiyodagi tinchlik va farovonlik bilan chambarchas bog‘liqdir. Aynan shuning uchun mamlakat yuritayotgan yaxshi qo‘shnichilik va o‘zaro ishonch siyosati uzoq muddatli strategik ahamiyat kasb etadi.
Xitoy va Markaziy Osiyo davlatlari nafaqat yaxshi qo‘shni, hamkor va do‘st, balki modernizatsiya yo‘lidagi maslakdoshlardir. Biz davlatlarimiz rahbarlari erishgan muhim kelishuvlarga amal qilishimiz, “Xitoy va Markaziy Osiyo ruhi”ni faol targ‘ib etishimiz hamda yuqori sifatli rivojlanishga asoslangan qo‘shma loyihalarni ilgari surishimiz lozim.
Xitoy xalqi 2035-yilgacha asosiy modernizatsiya maqsadiga erishishga intilib, rivojlanish modelini barpo etishning yangi ufqlarini yaratmoqda. Milliy taraqqiyot strategiyalarini uyg‘unlashtirgan holda Xitoy va Markaziy Osiyo davlatlari barcha sohalar bo‘yicha aniq rivojlanish rejalarini ishlab chiqishi, resurslar almashishi, bir-birini qo‘llab-quvvatlashi va birgalikda taraqqiyotga erishishi kerak.
“Markaziy Osiyo – Xitoy” formati kotibiyati kelgusida ham amaliy hamkorlikni rivojlantirish va xalqlar o‘rtasidagi do‘stlikni mustahkamlashda davom etadi. Ishonchim komilki, bu borada O‘zbekiston bilan yaqin munosabatlarimiz yanada rivojlanadi va xalq farovonligi yo‘lida muhim yutuqlarga erishamiz.
O‘zbekiston xalqini yana bir bor eng ulug‘ va qutlug‘ bayrami – Mustaqillik shodiyonasi bilan chin dildan qutlayman!
O‘zbek xalqiga tinchlik va osoyishtalik, baxt va farovonlik doim yor bo‘lsin!
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi