Malayziyada O‘zbekiston Mustaqilligining 35 yilligi keng nishonlandi
Sentabr 11, 2026. 12:00 • 3 daq
• 166KUALA-LUMPUR, 11-sentabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonning Malayziyadagi elchixonasi diplomatlari tomonidan mamlakatimiz mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan tantanali tadbir tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tadbirda Malayziya hukumati va parlamenti, diplomatik korpus, ishbilarmon doiralar, fan, taʼlim, turizm, tibbiyot, ommaviy axborot vositalari hamda o‘zbek diasporasi vakillari ishtirok etdi.
Malayziya parlamenti Senati raisi o‘rinbosari Nur Jazlan Mohamed hamda turizm, sanʼat va madaniyat vaziri Tiong King Sing O‘zbekiston xalqini mustaqillikning 35 yilligi bilan tabriklab, mamlakatga tinchlik, muvaffaqiyat va farovonlik tiladi.
Uchrashuv davomida O‘zbekiston–Malayziya munosabatlari izchil rivojlanib borayotgani qayd etildi. 2024–2026 yillarga mo‘ljallangan oliy darajadagi tashriflar va parlamentlararo hamkorlikni faollashtirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
Ishtirokchilarga “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi doirasida amalga oshirilayotgan va mamlakatni yanada taraqqiy ettirishga qaratilgan islohotlar haqida maʼlumot berildi. Xususan, iqtisodiy o‘sish, kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlash, ijtimoiy siyosat, kambag‘allikka qarshi kurashish va sarmoyaviy muhitni yaxshilash borasidagi yutuqlar xususida alohida to‘xtalib o‘tildi.
Tadbir doirasida O‘zbekistonning tarixiy obidalari maketlari, milliy hunarmandchilik buyumlari, anʼanaviy liboslar va mamlakat tarixiga bag‘ishlangan fotosuratlar ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi. Mehmonlarga o‘zbek milliy taomlari tortildi.
Madaniy dasturda Toshkent viloyatining “Nurafshon” ansambli hamda o‘zbekistonlik sanʼatkorlarning ijod namunalari taqdim etildi. Ular O‘zbekistonning turli hududlari madaniy rang-barangligini aks ettiruvchi milliy qo‘shiq va raqslarni ijro etdi.
Nur Jazlan Mohamed, Malayziya parlamenti Senati raisi o‘rinbosari:
– Tadbir davomida O‘zbekistonda so‘nggi o‘n yillikda amalga oshirilgan siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarga yana bir karra guvoh bo‘ldik. Mamlakatning tinchliksevar, pragmatik va muvozanatli tashqi siyosatini yuksak baholaymiz. Fursatdan foydalanib, O‘zbekiston xalqiga tinchlik, farovonlik va yangi yutuqlar tilayman.
Badrul Isa, MARA texnologiya universiteti (UiTM) prorektori:
– Biz mamlakatingizning turizm va taʼlim sohalaridagi islohotlar, millatlararo totuvlik va bag‘rikenglikni taʼminlash siyosatini yuqori baholaymiz. Bugungi uchrashuv doirasida universitet delegatsiyasining avgust oyida yurtingizga tashrifiga bag‘ishlangan fotoko‘rgazma tashkil etdik va O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligiga atab albom tayyorladik.
Maks Say, KSI Osiyo-Tinch okeani mintaqasi strategik tadqiqotlar instituti ijrochi direktori:
– Bugungi kunda O‘zbekiston va Malayziya o‘rtasidagi ko‘p qirrali sheriklik munosabatlarini yanada kengaytirishga qaratilgan amaliy qadamlar o‘z samarasini bermoqda. Yangi O‘zbekistondagi islohotlar jarayoni xalqaro hamjamiyat, xususan, Malayziyaning rasmiy va ishbilarmon doiralari tomonidan eʼtirof etilmoqda. O‘zbekiston xalqini mustaqillik bayrami bilan tabriklayman. Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik aloqalari yanada kengayishini tilab qolaman.
Suhaymi Shahadan, ASEAN Savdo-sanoat palatasi raisi, O‘zbekiston–Malayziya biznes alyansi bosh kotibi:
– So‘nggi yillarda O‘zbekistonda ishbilarmonlik muhitini tubdan yaxshilash, mavjud to‘siqlarni bosqichma-bosqich bartaraf etish yo‘lidagi saʼy-harakatlarni olqishlaymiz. Yangi O‘zbekistonda xorijiy investorlar, ilg‘or texnologiyalar va tadbirkorlar uchun imkoniyatlar yanada kengaymoqda. Shu bois, ikki mamlakat ishbilarmon doiralari va turizm sohasi vakillari o‘rtasidagi B2B aloqalarini faollashtirish bilan shaxsan shug‘ullanayapman.
Metyu Hadson, “Enviros Group” kompaniyasi amaliyot bo‘yicha bosh direktori:
– O‘zbekiston xalqini istiqlol shodiyonasi bilan qutlayman. Ushbu tantana ishbilarmon doiralar va yirik kompaniyalar vakillari uchun mamlakatning investitsiya yo‘nalishidagi imkoniyatlari taqdimoti bo‘ldi. Biz O‘zbekistondagi biznes imkoniyatlari haqida qiziqarli maʼlumotlarga ega bo‘ldik. Kelgusida yurtingiz bilan o‘zaro manfaatli loyihalarni amalga oshirish uchun biznes-missiyalar tashkil etishni rejalashtirmoqdamiz.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi





