Hermann Parsinger: O‘zbekiston – madaniyat va qadriyatlar tutashgan muhim chorraha
Sentabr 11, 2026. 11:00 • 3 daq
• 232
BERLIN, 11-sentabr. /“Dunyo” AA/. Taniqli nemis arxeologi va tarixchisi, “Berlin poytaxt madaniyati” jamg‘armasi kuratori, professor Hermann Parsinger “Dunyo” axborot agentligi orqali mustaqilligimizning 35 yilligi munosabati bilan O‘zbekiston xalqiga o‘zining samimiy tabrik va ezgu tilaklarini yo‘lladi:
– Mustaqillikning 35 yili O‘zbekiston tarixida muhim davr sanaladi. Bugunga kelib mamlakat Markaziy Osiyodagi muhim davlatlardan biriga aylandi. Geosiyosiy keskinlik kuchayib borayotgan ayni paytda O‘zbekistonning jahon hamjamiyatida muloqot va vositachilikni taʼminlashdagi roli yanada ortib bormoqda.
O‘zbekiston Yevroosiyo miqyosida azaldan muhim siyosiy va madaniy o‘rin egallab kelgan. Shu nuqtai nazardan, O‘zbekistonning Germaniya va Yevropaning boshqa davlatlari bilan mustahkam madaniy-ilmiy aloqalarni rivojlantirib kelayotgani alohida ahamiyatga ega.
Ilk bor 1995-yilda O‘zbekistonga tashrif buyurganman. O‘shanda Toshkent va Samarqanddagi universitetlar, O‘zbekiston Fanlar akademiyasining arxeologlari, madaniyatshunos olimlari bilan ilmiy hamkorlik loyihalarini amalga oshirganmiz.
1997–1999-yillarda Berlindagi Arxeologiya institutining Yevroosiyo bo‘limi direktori sifatida Boxumdagi konchilik muzeyi, Frayberg konchilik akademiyasi hamda O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Arxeologiya institutidagi hamkasblarimiz bilan birgalikda mamlakatingizda turli tadqiqotlar olib borgandik.
Tadqiqotlar davomida qadimgi davrda aholining xomashyo bilan taʼminlanishiga oid muhim manbani oydinlashtirishga muvaffaq bo‘ldik. Samarqand va Buxoro o‘rtasidagi yo‘lning Zarafshon vodiysida joylashgan Karnab hududidagi qadimiy konchilik maskanida arxeologik tadqiqotlar olib bordik. Natijada, u yerda miloddan avvalgi II ming yillikka mansub, yaʼni o‘rta bronza davrida amalga oshirilgan qalay konchiligi izlari borligini aniqladik. Bu o‘sha davr arxeologiyasi uchun haqiqiy sensatsiya edi. Chunki bronza ishlab chiqarish uchun zarur bo‘lgan qalayning qayerdan olingani masalasi uzoq vaqt davomida olimlar uchun mavhum edi.
O‘zbekistonlik olimlar va ilmiy muassasalar bilan hamkorlikni 1990-yillarning boshidan yo‘lga qo‘yganman. O‘zbekiston mustaqillikka erishgandan so‘ng o‘zbek jamiyati hayotida ham tub o‘zgarishlar ro‘y berdi. O‘sha murakkab davrda mamlakat ilmiy-tadqiqot muassasalarini saqlab qolish va ularni moliyalashtirish borasida jiddiy sinovlarga duch keldi. O‘zbekiston bu sinovlarni muvaffaqiyatli yengib o‘tib, ilmiy yo‘nalishlarda ko‘plab xalqaro hamkorlik loyihalarini yo‘lga qo‘ydi. Shu tariqa ilm-fan sohasida xalqaro hamkorlikning muhim va nufuzli ishtirokchisiga aylandi.
Bugungi kunda Markaziy Osiyoning arxeologiyasi va madaniyat tarixiga oid tadqiqotlarni O‘zbekiston olimlarining ishtirokisiz tasavvur etib bo‘lmaydi. Bu, avvalo, uning noyob geografik joylashuvi va hududiy ko‘lami bilan bog‘liq.
Mamlakat Orol dengizidan Afg‘oniston chegarasidagi Oks (Amudaryo) daryosigacha, Farg‘ona vodiysi va Toshkent vohasidan Qizilqum cho‘llarigacha bo‘lgan ulkan hududni qamrab oladi. Shu maʼnoda, O‘zbekiston Sharq va G‘arb, Shimol va Janub o‘rtasidagi madaniy taʼsirlar tutashgan noyob chorraha vazifasini bajaradi.
2024-yilda Berlin muzeylar orolida namoyish etilgan O‘zbekistonning arxeologik xazinalariga bag‘ishlangan ko‘rgazma mamlakatning Markaziy Osiyo mintaqasidagi beqiyos tarixiy ahamiyatini taʼsirchan tarzda namoyon qildi.
2023–2024-yillarda Berlin muzeylar orolidagi “Jeyms Simon galereyasi”da O‘zbekistonning arxeologik xazinalariga bag‘ishlab “Makedoniyalik Iskandardan Kushonlar saltanatigacha” nomli ko‘rgazma tashkil etildi. Unda mamlakatning Markaziy Osiyo tarixidagi o‘ziga xos ahamiyati taʼsirli tarzda namoyish etildi.
Jahon miqyosidagi ilmiy tadqiqotlarni xalqaro hamkorlarsiz tasavvur etib bo‘lmaydi. Bu, ayniqsa, arxeologiya va boshqa madaniyatshunoslik sohalari uchun nihoyatda muhim. Shu maʼnoda, O‘zbekistonni madaniyat va qadriyatlar tutashgan muhim chorraha, deya taʼriflash mumkin.
O‘zbekiston xalqini mustaqillikning 35 yilligi munosabati bilan chin qalbimdan samimiy tabriklayman.
O‘zbekistonning Germaniya va Yevropa bilan yaqin, ishonchli va do‘stona hamkorligi abadiy bo‘lsin. Ilm-fan va madaniyatning barcha sohalaridagi hamkorligimiz yanada mustahkamlanib, tobora kengayib borsin.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi