Rossiya Davlat dumasi bir qator huquqbuzarliklar uchun chet elliklar va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarni mamlakatdan chiqarib yuborish to‘g‘risidagi qonun loyihasini birinchi o‘qishda maʼqulladi
May 14, 2026. 12:25 • 3 daq
• 90
MOSKVA, 14-may. /“Dunyo” AA/. Rossiya Davlat dumasi ruxsat etilmagan mitinglarda ishtirok etgan, Rossiya armiyasini obro‘sizlantirgan va bezorilik qilgan chet elliklar va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarni mamlakatdan chiqarib yuborish to‘g‘risidagi qonun loyihasini birinchi o‘qishda qabul qildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri “TASS” maʼlumotiga tayanib.
Qonun loyihasi mamlakat hukumati tomonidan mart oyida kiritilgan bo‘lib, Maʼmuriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi kodeksga o‘zgartirishlar kiritishni nazarda tutadi. Hujjat chet el fuqarolari uchun jarimalar va Rossiyadan maʼmuriy chiqarib yuborishni belgilovchi alohida normalar paydo bo‘lishini nazarda tutadi.
Qayd etilishicha, chiqarib yuborish sanksiyalanmagan aksiyalarda ishtirok etganlik, qurolli kuchlarni obro‘sizlantirish, mamlakatga sanksiyaviy bosim o‘tkazishga chaqiruvlar, Rossiyaning hududiy yaxlitligiga qarshi qaratilgan harakatlar uchun qo‘llanilishi mumkin.
Shuningdek, favqulodda holat, aksilterror operatsiyasi yoki harbiy holatni buzganlik, politsiyaga bo‘ysunmaganlik, mayda bezorilik va transport harakatiga xalaqit berganlik uchun ham chora qo‘llanilishi mumkin.
Ekstremizm va buzg‘unchi axborot tarqatish bilan bog‘liq huquqbuzarliklar, jumladan, diniy ramzlarni tahqirlash, nafrat yoki adovat qo‘zg‘atish, taqiqlangan ramzlarni targ‘ib qilish, ekstremistik materiallarni tarqatish va ommaviy axborot vositalaridan terrorizmga daʼvat qilish uchun foydalanish uchun chiqarib yuborish alohida nazarda tutilgan.
Qonun loyihasi Rossiyaga kirish va bo‘lish qoidalarini buzganlik, chet elliklarning noqonuniy mehnat faoliyati va ularni ishga joylashtirishdagi qoidabuzarliklar uchun jarimalarni oshirishni taklif qiladi.
Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga maʼmuriy chiqarib yuborish nazarda tutilishi mumkin bo‘lgan 58 ta yangi huquqbuzarlik tarkibini kiritish rejalashtirilmoqda.
Davlat Dumasi raisi Vyacheslav Volodinning aytishicha, chora-tadbirlar zarurati migratsiya sohasida tartib o‘rnatish bilan bog‘liq. Qonun loyihasi ikkinchi va uchinchi o‘qishda qabul qilinib, prezident tomonidan imzolangan taqdirda, u rasmiy eʼlon qilingan kundan boshlab 90 kun o‘tgach kuchga kiradi.
Eslatib o‘tamiz, Rossiyada migratsiya qonunchiligini kuchaytirish, ayniqsa, 2024-yil mart oyida “Krokus Siti Xoll”dagi teraktdan keyin davom etmoqda. O‘sha teraktda 150 kishi halok bo‘lgan va 600 dan ortiq kishi jarohatlangan.
2025-yil fevraldan boshlab chet el fuqarolarini chiqarib yuborish to‘g‘risidagi qarorlar nafaqat sud, balki ichki ishlar organlarining mansabdor shaxslari tomonidan ham qabul qilinishi mumkin.
“Parlamentskaya gazeta” surati
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi




