Ruminiyaning mashhur realiti-shousi yangi mavsumini yurtimizda suratga oldi
May 21, 2026. 11:55 • 2 daq
• 61BUXAREST, 21-may. /“Dunyo” AA/. Ruminiyaning mashhur “Asia Express – Drumul Mătăsii” (Osiyo ekspressi – Ipak yo‘li) televizion loyihasining 9-mavsumi O‘zbekiston hududida suratga olindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
“Ipak yo‘li” mavzusiga bag‘ishlangan ushbu mavsumda O‘zbekistonning qadimiy shaharlari, boy madaniy merosi, anʼanaviy mehmondo‘stligi, sharqona bozorlari va zamonaviy hayoti Yevropa auditoriyasiga keng namoyish etiladi.
“Asia Express” Ruminiyada eng yuqori reytingga ega sarguzasht-realiti ko‘rsatuvlaridan biri hisoblanadi. Loyihaning bu yilgi mavsumida Ruminiya televideniyesi, musiqa, sport, moda va raqamli media sohalarida tanilgan 18 nafar inflyuyenser va mashhur shaxslar ishtirok etdi.
Ishtirokchilar orasida millionlab kuzatuvchilarga ega Loredana Kivu (Loredana Chivu), Mirela Vayda (Mirela Vaida), Chelu (Cheloo), Moris Muntyanu (Maurice Munteanu) va Gabi Torje (Gabi Torje) kabi taniqli nomlar bor. Ular nafaqat televizion efir orqali, balki o‘zlarining ijtimoiy tarmoqlarida ham O‘zbekiston haqidagi mazmunli va jozibador kontentlarni keng targ‘ib qilmoqda.
Loyiha davomida ishtirokchilar mahalliy aholi bilan bevosita muloqotda bo‘lib, milliy taomlar, tarixiy obidalar va xalqimizning kundalik turmush tarzi bilan yaqindan tanishdi. Realiti-shou formati O‘zbekistonni oddiy sayyohlik yo‘nalishi emas, balki tirik, ochiq va madaniy jihatdan boy mamlakat sifatida namoyish etish imkonini berdi.
Bu kabi yirik media loyihaning amalga oshirilishi Yevropa bozorida O‘zbekistonga bo‘lgan qiziqishning ortib borayotganini ko‘rsatadi. Statistik maʼlumotlarga ko‘ra, 2025-yilda Ruminiyadan O‘zbekistonga 3 234 nafar sayyoh tashrif buyurgan bo‘lsa, 2026-yilning birinchi choragida bu ko‘rsatkich 1509 nafarni tashkil etgan.
O‘zbekistonda suratga olingan maxsus lavhalar 2026-yil sentyabr oyida Yevropa telekanallarida efirga uzatilishi rejalashtirilmoqda. Bu esa mamlakatimizning Ipak yo‘lidagi yetakchi turistik yo‘nalish sifatidagi nufuzini yana-da mustahkamlash hamda Yevropa davlatlaridan kelayotgan sayyohlar oqimini yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi








