AQSH Kongressida O‘zbekiston kuni bo‘lib o‘tdi

Noyabr 21, 2026. 13:00 • 4 daq

• 95
AQSH Kongressida O‘zbekiston kuni bo‘lib o‘tdi
AQSH Kongressida O‘zbekiston kuni bo‘lib o‘tdi
AQSH Kongressida O‘zbekiston kuni bo‘lib o‘tdi

VASHINGTON, 21-noyabr./“Dunyo” AA/. Joriy yil 19-noyabr kuni AQSH Kongressida mamlakatimizning Vashingtondagi elchixonasi tomonidan O‘zbekiston bo‘yicha parlament Kokusi a’zolari bilan hamkorlikda O‘zbekiston kuni o‘tkazildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Unda O‘zbekiston delegatsiyasi, Respublikachilar va Demokratik partiyalardan senatorlar va kongressmenlar, jumladan, O‘zbekiston hamda Markaziy Osiyo bo‘yicha kokuslar hamraislari, Amerika–O‘zbekiston savdo palatasi rahbariyati, AQSHning yetakchi kompaniyalari, diplomatik va ekspert doiralari, shuningdek, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev Prezident Shavkat Mirziyoyevning tadbir ishtirokchilariga yo‘llagan murojaatini o‘qib eshittirdi. Murojaat katta e’tibor bilan tinglanib, nihoyatda samimiy kutib olindi. Unda davlatimiz rahbari Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarning ortga qaytmas tus olganini ta’kidlab, AQSH bilan strategik sheriklikning muhimligiga alohida e’tibor qaratdi. Oliy darajadagi muntazam va yaqin muloqot ikki tomonlama munosabatlarga yangi sur’at bag‘ishlagani qayd etildi.

Sodiq Safoyev o‘z nutqida O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan o‘zgarishlar natijalariga batafsil to‘xtaldi. U-2017-yildan buyon mamlakat iqtisodiyoti uch barobar o‘sgani, jalb etilgan xorijiy investitsiyalar hajmi esa 150 milliard dollardan oshganini ta’kidladi. Kambag‘allik darajasi-2017-yildagi 35 foizdan 3,9 foizga tushdi.

Shundan so‘ng bo‘lib o‘tgan muhokama davomida ishtirokchilar O‘zbekiston–AQSH munosabatlari strategik manfaatlar mushtarakligi asosida rivojlanayotganini qayd etdilar. Bu esa AQSHda ma’muriyatlar almashishi va saylov jarayonlaridan qat’i nazar, hamkorlikni izchil kengaytirish uchun mustahkam zamin yaratmoqda.

Shu nuqtayi nazardan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti direktori Eldor Aripov bugungi kunda Prezidentlar Shavkat Mirziyoyev va Donald Tramp savdo, investitsiyalar va texnologiyalarga ustuvor e’tibor qaratib, ikki tomonlama hamkorlikning yangi bosqichini boshlab berayotganini ta’kidladi.

Uning fikricha, qo‘shma ishlab chiqarish loyihalarini ilgari surish va uzoq muddatli ishbilarmonlik aloqalarini mustahkamlash sheriklikning puxta iqtisodiy asosini shakllantirish hamda kelgusi o‘n yilliklar davomida uning barqarorligini ta’minlash imkonini beradi.

O‘zbekiston bo‘yicha kokus hamraisi, kongressmen Trent Kelli O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga AQSH Kongressidagi O‘zbekiston kuni ishtirokchilariga yo‘llagan ilk murojaati uchun samimiy minnatdorlik bildirdi. “Avvalo, kelajakni strategik jihatdan teran anglaydigan, qisqa vaqt ichida mamlakatingiz taraqqiyotida ulkan yuksalishga erishgan atoqli yetakchi — O‘zbekiston rahbariga minnatdorlik bildirmoqchiman”, — dedi u.

Markaziy Osiyo bo‘yicha kokus hamraisi, senator Stiv Deyns ham O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan o‘zgarishlarni yuksak baholadi.

Uning ta’kidlashicha, “O‘zbekiston keng ko‘lamli yangilanish davrini boshdan kechirmoqda, AQSH bilan munosabatlar esa misli ko‘rilmagan yuksak darajaga yetdi. Mamlakat yuksalish yo‘lidan bormoqda va uning rivojlanish istiqbollari nihoyatda porloq. Agar bugun biror mamlakatning aksiyalarini sotib olishni rejalashtirayotgan bo‘lsangiz, O‘zbekistonni tanlashingiz kerak. Toshkentga anchadan beri kelmaganlarga bu shaharga yana tashrif buyurishni qat’iy tavsiya etaman. Bugun Toshkent butunlay yangi qiyofa kasb etgan. Yangi Toshkent bevosita ko‘z o‘ngimizda barpo etilmoqda va buning o‘ziyoq ushbu ajoyib mamlakatni qanday kelajak kutayotganidan yaqqol dalolat beradi”.

2025 va-2026-yillarda O‘zbekistonga tashrif buyurgan AQSH Kongressi Vakillar palatasi a’zosi Kerol Miller mamlakat bilan bevosita tanishish amalga oshirilayotgan o‘zgarishlar ko‘lamini to‘liq baholash imkonini berishini qayd etdi. “O‘zbekiston va Qo‘shma Shtatlar o‘rtasidagi munosabatlar hech qachon hozirgidek yaxshi bo‘lmagan. Bu — shubhasiz haqiqat.

AQSH ishonchli do‘stlar izlamoqda. O‘zbekiston esa ana shunday do‘stlardan biridir”, — deya xulosa qildi u.

Amerika–O‘zbekiston savdo palatasi raisi Kerolin Lemm sanoat, aviatsiya, energetika va texnologiya sohalarida hamkorlikni kengaytirish istiqbollarini ta’kidladi. U Samarqandda o‘tkazilgan biznes-forumning muhim ahamiyatini alohida qayd etdi. Mazkur forum O‘zbekiston–AQSH iqtisodiy aloqalari avvalgi davr bilan qiyoslab bo‘lmaydigan, sifat jihatidan mutlaqo yangi bosqichga ko‘tarilganini namoyon etdi. 2017–2025-yillarda-O‘zbekistonga AQSHdan 2,9 milliard dollardan ziyod to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiyalar va kreditlar jalb etilgani qayd etildi. “Biz O‘zbekistonning tarmoqlari diversifikatsiya qilingan, jadal rivojlanayotgan iqtisodiyotni barpo etishga intilayotganini ko‘rib turibmiz”, — dedi u.

Umuman olganda, mazkur tadbir AQSHda O‘zbekistonga katta siyosiy e’tibor qaratilayotganini, amerikalik qonun chiqaruvchilar va ishbilarmon doiralar ikki tomonlama hamkorlikni yanada chuqurlashtirishdan manfaatdor ekanini namoyon etdi.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish