O‘zbekistonlik kadrlar uchun Avstraliyaga yo‘l: dastlabki amaliy muzokaralar boshlandi
Noyabr 21, 2026. 12:00 • 2 daq
• 153
TOSHKENT, 21-noyabr. /“Dunyo” AA/. Kecha O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi tashabbusi bilan mamlakatimizning Singapurdagi elchixonasi ko‘magida Avstraliya Shimoliy hududi vakillari ishtirokida videokonferensaloqa shaklida muzokaralar o‘tkazildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Uzoq davom etgan diplomatik sa’y-harakatlar natijasida ilk bor Avstraliya mehnat bozoriga chiqish bo‘yicha amaliy muzokaralar boshlandi.
Muzokaralar markazida Avstraliya mehnat bozorida o‘zbekistonlik mutaxassislar jalb qilish masalasi bo‘ldi. Xususan, Avstraliyaning malakali kadrlarga, jumladan neft va gaz sohasida mavjud ehtiyoji, fuqarolarimizni uyushgan va qonuniy tartibda ishga jalb etish mexanizmlari, ularni xalqaro talablar asosida kasbiy va til jihatidan tayyorlash hamda amaliy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish istiqbollari atroflicha muhokama qilindi.
Mazkur muloqot O‘zbekistonning mehnat migratsiyasi geografiyasini yangi qit’a – Avstraliyaga qadar kengaytirish, fuqarolarimiz uchun rivojlangan davlatlar mehnat bozorida munosib va yuqori daromadli ish o‘rinlariga chiqish imkoniyatlarini shakllantirish yo‘lida muhim qadam bo‘ladi.
Shuningdek, ikki davlat fuqarolarining huquqlarini himoya qilish bo‘yicha amaliy mexanizmlarni ishlab chiqish maqsadida ilk bor konsullik maslahatlashuvlarini o‘tkazish masalasini ko‘rib chiqishga kelishib olindi.
Uchrashuvda Migratsiya agentligi va Kasbiy ta’lim agentligi vakillari ham ishtirok etib, mamlakatimizning kadrlar salohiyati bo‘yicha batafsil ma’lumot berdilar.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi