O‘zbekiston va Avstriya o‘rtasida tibbiy texnologiyalar yo‘nalishida hamkorlik kengaytiriladi
Sentabr 21, 2026. 20:30 • 2 daq
• 39
KREMS,-21-sentyabr. /»Dunyo» AA/. Mamlakatimizning Avstriyadagi elchixonasi diplomatlari «Technopol Krems» texnologik markazi menejeri Xarald Layter hamda «Cells+Tissuebank Austria» bo‘lim rahbari Aleksandra Xartmann bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.
«Technopol Krems» Quyi Avstriya federal yeridagi texnologiyalarni rivojlantirish markazi bo‘lib, tadqiqot va ta’lim muassasalari, universitetlar va biznes vakillarini birlashtiradi. Ushbu markazning asosiy yo‘nalishlari orasida regenerativ tibbiyot, onkologiya, diagnostika va tibbiy texnologiyalar mavjud.
Muloqot chog‘ida tibbiyotda qo‘llash uchun odam organizmida olinadigan allogen to‘qimalarni yig‘ish, qayta ishlash va taqdim etish bilan shug‘ullanuvchi «Cells+Tissuebank Austria» tashkiloti faoliyatiga alohida e’tibor qaratildi.
Mazkur tashkilot tayanch-harakat tizimi to‘qimalari va inson suyak to‘qimalariga ixtisoslashgan bo‘lib, donorlik materialini olishdan tortib implantlarni tayyorlash va tarqatishgacha bo‘lgan jarayonlarni nazorat qiladi.
Muzokaralar davomida tomonlar mutaxassislar uchun amaliyotlar va malaka oshirishni tashkil etish, ekspertlar almashinuvi, qo‘shma seminarlar va tadqiqotlar o‘tkazish, sifatni boshqarish va GMP standartlari sohasida Avstriya tajribasini o‘rganish masalalarini muhokama qildi.
Ishtirokchilar to‘qima banklarini rivojlantirish imkoniyatlari, biologik materiallarga ishlov berish va saqlashning zamonaviy usullari, tibbiy buyumlar, diagnostika va zamonaviy tibbiy texnologiyalar sohasidagi hamkorlikni alohida ko‘rib chiqdi.
Uchrashuvda O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi, Innovatsion rivojlanish agentligi, Respublika ixtisoslashtirilgan travmatologiya va ortopediya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi, tibbiyot oliy ta’lim muassasalari hamda «Tashkent Pharma Park» farmatsevtika klasteri salohiyatli hamkorlar sifatida qayd etildi.
Tomonlar ikki mamlakatning tegishli muassasalari o‘rtasidagi aloqalarni davom ettirish va to‘g‘ridan to‘g‘ri hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga kelishib oldi. Keyingi qadam sifatida aniq qo‘shma loyihalarni tayyorlash uchun texnik maslahatlashuvlar o‘tkazish ko‘rib chiqilmoqda.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi