Polshada o‘zbek yengil sanoat mahsulotlari uchun savdo xabi ochildi

Iyun 14, 2026. 15:00 • 2 daq

71
Polshada o‘zbek yengil sanoat mahsulotlari uchun savdo xabi ochildi
Polshada o‘zbek yengil sanoat mahsulotlari uchun savdo xabi ochildi
Polshada o‘zbek yengil sanoat mahsulotlari uchun savdo xabi ochildi
Polshada o‘zbek yengil sanoat mahsulotlari uchun savdo xabi ochildi

VARSHAVA, 14-iyun. /“Dunyo” AA/. Yengil sanoatni rivojlantirish agentligi direktori Nozimjon Xolmurodov boshchiligida o‘zbek tadbirkorlaridan iborat delegatsiya Polshaning Lodz shahrida qator uchrashuvlar o‘tkazdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.

O‘zbekiston elchixonasi ko‘magida tashkil etilgan tadbirlar doirasida O‘zbekiston yengil sanoat mahsulotlarini Yevropa bozoriga olib chiqishni rag‘batlantirish hamda mahalliy eksportchilar uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratish maqsadida tashkil etilgan savdo xabining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda Polsha Investitsiyalar va savdo agentligi (PAIH), Tadbirkorlikni rivojlantirish jamg‘armasi, Polshadagi yetakchi importyor kompaniyalar va elektron tijorat platformalari vakillari, shuningdek, O‘zbekistondan tashrif buyurgan 20 nafardan ortiq tadbirkor ishtirok etdi.

Ishtirokchilar savdo xabining infratuzilmasi, mahsulotlarni saqlash va namoyish etish imkoniyatlari, logistika xizmatlari hamda Polsha va Yevropa Ittifoqi mamlakatlari bozorlariga chiqishdagi afzalliklari bilan yaqindan tanishdi. O‘zbek tadbirkorlariga mazkur xab orqali mahsulotlarni Yevropa bozorida targ‘ib qilish va sotish mexanizmlari yuzasidan batafsil ma’lumot berildi.

Tadbir doirasida o‘zbek va polyak tadbirkorlari ishtirokida B2B formatidagi uchrashuvlar tashkil etildi. Ularda eksport hajmini oshirish, yangi hamkorlarni jalb qilish, mahsulotlarni elektron tijorat platformalari orqali sotish hamda logistika sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

Shuningdek, delegatsiya ishtirokida Lodz shahrida Namangan viloyatidagi “ART SOFT” kompaniyasiga qarashli yangi shourum va ombor majmuasining tantanali ochilish marosimi o‘tkazildi. Mehmonlar mazkur obyektning mahsulotlarni saqlash, namoyish qilish va Yevropa mamlakatlariga tezkor yetkazib berish bo‘yicha imkoniyatlari bilan tanishdi.

Lodz shahrida faoliyat boshlagan mazkur savdo va logistika infratuzilmalari o‘zbek ishlab chiqaruvchilarining Polsha va Yevropa bozorlaridagi ishtirokini kengaytirish, eksport hajmini oshirish hamda milliy brendlarning xalqaro maydondagi raqobatbardoshligini mustahkamlashga xizmat qiladi.

Mazkur tadbirlar O‘zbekiston va Polsha o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada rivojlantirish, ishbilarmon doiralar o‘rtasidagi to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqalarni mustahkamlash va yangi kooperatsiya loyihalarini amalga oshirish uchun muhim zamin yaratdi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish