“World News Pakistan”: V Toshkent xalqaro investitsiya forumi xalqaro kapital uchun jozibador nuqtaga aylanadi
Iyun 14, 2026. 14:30 • 2 daq
• 85
ISLOMOBOD, 14-iyun. /“Dunyo” AA/. Pokistonning “World News Pakistan” elektron nashrida bo‘lajak V yubiley Toshkent xalqaro investitsiya forumiga bag‘ishlangan maqola e’lon qilindi, deb habar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Maqolada xabar qilinganidek, shu yil 16–19-iyun kunlari Toshkent shahrida O‘zbekistonning eng yirik investitsiyaviy platformasi va mintaqaning eng yirik biznes forumlaridan biri – V yubiley Toshkent xalqaro investitsiya forumi bo‘lib o‘tadi.
“Toshkent xalqaro investitsiya forumi iqtisodiyot bilan birga miqyosini ham kengaytirib bormoqda. O‘tgan yilgi TXIF 8 000 dan ortiq ishtirokchini to‘pladi, ulardan taxminan 3 000 nafari 97 ta davlatdan kelgan xorijiy delegatlar edi. Iqtisodiy anjuman doirasida imzolangan shartnoma va kelishuvlarning umumiy hajmi 30,5 milliard dollarga teng bo‘ldi”, deyilgan nashrda.
Pokiston elektron nashri yozganidek, yubiley forumning markaziy mavzusi 2026-yil mart oyida O‘zbekiston Prezidenti farmoni bilan tashkil etilgan Toshkent xalqaro moliya markazi bo‘ladi. “TXIF-2026” ishbilarmonlik dasturi to‘rtta mazmunli blok atrofida tuzilgan: investitsiya barqarorligi va kapitalni himoya qilish mexanizmlari, moliyaviy infratuzilma va kapital bozorlarini rivojlantirish, savdo bog‘liqligi va logistika koridorlari, energetik o‘tish va iqlimni moliyalashtirish. Eng muhim sessiyalar qatorida – alternativ investitsiya fondlari uchun regulyatorlik asoslarini muhokama qilish, O‘rta koridor va Transkaspiy logistikasi bo‘yicha muhokamalar, Markaziy Osiyo suveren reytinglari paneli, chegaraviy bozorlarda blended finance instrumentlari bilan ishlash amaliyoti bor”.
“World News Pakistan”, shuningdek, O‘zbekistonda energetika sohasidagi islohotlar haqida ham to‘xtalib o‘tgan. O‘zbekiston 2030-yilgacha elektr energiyasi ishlab chiqarishda qayta tiklanuvchi energiya manbalari ulushini 54% ga yetkazishdek katta maqsad qo‘ygan, deb ta’kidlangan.
“V Toshkent xalqaro investitsiya forumi xalqaro kapital uchun jozibador nuqtaga hamda Markaziy Osiyoning investitsiyalar borasidagi kun tartibini shakllantiruvchi platformaga aylanadi”, – deb yozilgan maqola oxirida.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi