Masqatda O‘zbekistonning turizm salohiyatiga bag‘ishlangan taqdimot o‘tkazildi
Iyun 14, 2026. 14:00 • 2 daq
• 64MASQAT, 14-iyun /“Dunyo” AA/. O‘mon Sultonligi poytaxtida O‘zbekistonning turizm salohiyatiga bag‘ishlangan keng qamrovli taqdimot marosimi bo‘lib o‘tdi, deb xabar qiladi “Dunyo” AA muxbiri.
Mazkur tadbir shu yilning 3-iyul kunidan boshlab Maskat–Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yilishi arafasida “Oman Air” aviakompaniyasi bilan hamkorlikda “O‘mon va O‘zbekistonni kashf eting: ikki tomonlama turizm aloqalarini rivojlantirish” mavzusida tashkil etildi.
Anjumanda “Oman Air” aviakompaniyasi Bosh ijrochi direktori o‘rinbosari Hamud al-Alaviy, Sultonlikning Meros va turizm vazirligi mas’ullari, 10 dan ziyod yetakchi turoperator va turistik kompaniyalar rahbarlari, shuningdek, O‘monda keng auditoriyaga ega inflyuyenserlar va blogerlar ishtirok etdi.
Tadbirda Samarqand viloyati turizm boshqarmasi boshlig‘i rahbarligida viloyatning yetakchi sayyohlik korxonalari vakillari videokonferensaloqa orqali ishtirok etdi.
Anjuman doirasida O‘zbekistonning boy sayyohlik imkoniyatlari taqdimoti, rossiyalik yozuvchi Darya Sirotinaning ingliz tilidagi “Discovering Uzbekistan” nomli kitobi hamda O‘mon Meros va turizm vazirligi tomonidan “Visit Oman” loyihasi taqdimotlari o‘tkazildi. Shuningdek, “Oman Air” vakillari Maskat–Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha yangi reyslar qatnov jadvali va shartlari haqida batafsil ma’lumot berdi.
Ushbu taqdimot O‘monning yetakchi ommaviy axborot vositalari tomonidan keng yoritildi va Sultonlik jamoatchiligi hamda turizm sohasi vakillari o‘rtasida katta qiziqish uyg‘otdi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi



