O‘zbekiston va Belarus qishloq xo‘jaligi sohasida yangi kelishuvlarga erishdi
Iyun 14, 2026. 16:00 • 3 daq
• 6MINSK, 14-iyun /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Orif Bo‘tayev boshchiligidagi delegatsiya Minsk shahrida bo‘lib o‘tgan “Belagro-2026” 36-xalqaro ixtisoslashtirilgan ko‘rgazma-yarmarkasida ishtirok etdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Xizmat safari davomida O‘zbekiston delegatsiyasi qator muhim uchrashuv va muzokaralarda qatnashdi. Jumladan, Belarus Qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat vazirligi, “Belplemjivob’edineniye” hamda Vitebsk viloyati ijroiya qo‘mitasi rahbariyati bilan ikki mamlakat manfaatlariga xizmat qiluvchi masalalar yuzasidan o‘zaro kelishuvlarga erishildi.
Tomonlar ichki bozorlarda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, import va eksport qilinadigan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari nomenklaturasini diversifikatsiya qilish kabi mavzularda fikr almashdi.
Vitebsk viloyati ijroiya qo‘mitasi raisi birinchi o‘rinbosari Sergey Levkovich bilan O‘zbekiston tadbirkorlari ishtirokida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Belarusda fermer xo‘jaliklarini tashkil etish va chorva mollarini parvarishlash loyihasi, veterinariya tibbiyoti akademiyasi negizida mamlakatimiz agrar tarmog‘i uchun kadrlar tayyorlash va ularning malakasini oshirish masalalari muhokama qilindi.
Yarmarka davomida O‘zbekiston Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda tadbirkorlik subyektlari vakillaridan iborat delegatsiya yurtimiz agrosanoat majmuasining eksport salohiyatini xalqaro maydonda keng targ‘ib qilish, yangi savdo aloqalarini o‘rnatish hamda ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada mustahkamlash borasida qator samarali chora-tadbirlarni amalga oshirdi.
O‘zbekiston milliy stendi bilan ishtirok etgan “Uzagrostar” xolding kompaniyasi mamlakatimizda yetishtirilayotgan qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlarini namoyish qildi. Milliy stend tashrif buyuruvchilarga O‘zbekiston agrosanoat tarmog‘ining imkoniyatlari, mahsulotlar sifati hamda eksport yo‘nalishlari bilan yaqindan tanishish imkonini berdi va ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otdi.
Ko‘rgazmaning rasmiy ochilish marosimida Belarus Bosh vaziri o‘rinbosari Yuriy Shuleyko va unga hamrohlik qilgan mahalliy mutasaddilar O‘zbekiston stendiga tashrif buyurib, unda namoyish etilgan mahsulotlar hamda taqdim etilgan eksport imkoniyatlariga yuqori baho berdi.
Belarus hukumati rahbari o‘rinbosari qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash va yuqori qo‘shilgan qiymatga ega ishlab chiqarish zanjirlarini shakllantirishda ikki mamlakat o‘rtasida hali to‘liq ishga solinmagan ulkan salohiyat mavjudligini ta’kidlab, ushbu yo‘nalishda hamkorlikni jadallashtirishga belarus tomoni tayyor ekanini qayd etdi.
Tadbir davomida Belarusning 10 dan ortiq yirik chakana savdo tarmoqlari — “Yevrotorg”, “Santa Riteyl”, “BelVillesden”, “GRINroznitsa”, “YuniStor Grupp”, “Resttreyd” va boshqa kompaniyalar vakillari bilan B2B shaklida muzokaralar o‘tkazildi.
Muzokaralar chog‘ida O‘zbekiston mahsulotlarini mazkur mamlakat ichki bozoriga yetkazib berish, savdo hajmlarini kengaytirish va uzoq muddatli hamkorlik aloqalarini rivojlantirish masalalari muhokama qilinib, aniq kelishuvlarga erishildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi



