O‘zbekistonlik mutaxassislar Xitoyda kambag‘allikni qisqartirish tajribasini o‘rganmoqda

Iyun 14, 2026. 15:30 • 2 daq

73
O‘zbekistonlik mutaxassislar Xitoyda kambag‘allikni qisqartirish tajribasini o‘rganmoqda
O‘zbekistonlik mutaxassislar Xitoyda kambag‘allikni qisqartirish tajribasini o‘rganmoqda

PЕKIN, 14-iyun. /“Dunyo” AA/. Sirdaryo viloyati mutaxassislari Xitoyda kambag‘allikni qisqartirish va qishloq hududlarini rivojlantirishga bag‘ishlangan o‘quv seminarida ishtirok etmoqda, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

O‘zbekistonning Pekindagi elchixonasi ko‘magida tashkil etilgan tadbirda Sirdaryo viloyati shahar va tumanlari hokimlarining birinchi o‘rinbosarlari, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi, Ijtimoiy himoya milliy agentligi, Mahallalar uyushmasi hududiy bo‘linmalari vakillari hamda hokim yordamchilari qatnashmoqda.

Seminardan ko‘zlangan asosiy maqsad — sohada o‘zaro tajriba almashish, Xitoyning muvaffaqiyatli modellari va raqamli iqtisodiyot imkoniyatlari bilan tanishish hamda yangi qo‘shma loyihalarni muhokama qilishdan iborat. 

Yurtimiz vakillari Pekindagi nazariy mashg‘ulotlardan so‘ng, Shensi provinsiyasining Sian va Yanan shaharlarida bo‘lib, issiqxona xo‘jaliklari, agroturizm klasterlari va aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash tizimini bevosita joylarda o‘rganadilar.

Nurilla Mamatqulov, Sirdaryo viloyati kambag‘allikni qisqartirish va bandlik boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari:

— Seminar davomida Xitoyning kambag‘allikka qarshi kurashish strategiyasini nazariy va amaliy jihatdan tahlil qilyapmiz. Bu yerda orttirilgan ilg‘or bilim hamda ko‘nikmalarni kelgusida viloyatimiz tuman va mahallalarida tatbiq etishni rejalashtirganmiz.

Xojakbar Ostonaqulov, Ijtimoiy himoya milliy agentligi Sirdaryo viloyati boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari:

— Xitoylik mutaxassislar bilan muloqot juda mazmunli o‘tmoqda. Ayniqsa, kambag‘allikni qisqartirishda raqamli texnologiyalardan foydalanish bo‘yicha berilgan ma’lumotlar biz uchun nihoyatda dolzarb bo‘ldi. Ushbu tajriba mamlakatimizda aholi farovonligini oshirishga xizmat qiladi.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish