Madridda O‘zbekiston–Ispaniya vazirliklararo siyosiy maslahatlashuvlarning navbatdagi davrasi bo‘lib o‘tdi
Fevral 05, 2026. 16:16 • 58 soniya
• 9
MADRID, 5-fevral. /“Dunyo” AA/. Madrid shahrida O‘zbekiston va Ispaniya tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasida siyosiy maslahatlashuvlarining 8-davrasi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tomonlar delegatsiyalariga O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Bobur Usmanov hamda Ispaniya tashqi ishlar, Yevropa Ittifoqi va hamkorlik vazirining tashqi va global masalalar bo‘yicha davlat kotibi Diyego Martines Belio rahbarlik qildi.
Siyosiy-diplomatik va parlamentlararo hamkorlikning joriy holati va uni rivojlantirish istiqbollari, savdo-iqtisodiy hamda investitsiyaviy sohalardagi hamkorlikni faollashtirish, shuningdek, madaniy-gumanitar aloqalarni kengaytirish masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Tomonlar turli darajalardagi faol aloqalar, savdo-iqtisodiy hamkorlikning ijobiy surʼatlari hamda sanoatning ustuvor tarmoqlarida qo‘shma loyihalar amalga oshirilayotganini mamnuniyat bilan qayd etdi.
Savdo, sanoat kooperatsiyasi, qishloq xo‘jaligi, turizm, taʼlim va sog‘liqni saqlash, shuningdek, mehnat migratsiyasi sohalarida mavjud salohiyatdan samarali foydalanish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
Maslahatlashuvlar davomida joriy yilda rejalashtirilgan turli darajadagi tashriflar, qo‘shma tadbirlar, jumladan, savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha Hukumatlararo komissiyaning navbatdagi yig‘ilishi, biznes-forum hamda qator madaniy tadbirlarni o‘tkazish muhimligi taʼkidlandi.
O‘zbekiston va Ispaniya tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasida ikki tomonlama kun tartibidagi keng ko‘lamli masalalar bo‘yicha amaliy hamkorlikni mustahkamlash maqsadida yaqin muloqotni davom ettirish to‘g‘risida kelishuvga erishildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi
