O‘zbekiston–Turkiya yengil sanoat sohasida hamkorlikning yangi bosqichga boshlanmoqda
Yanvar 16, 2026. 08:15 • 2 daq
• 305ANQARA, 16-yanvar. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Yengil sanoat agentligi delegatsiyasi Turkiyaning Istanbul, Izmir va Anqara shaharlariga xizmat safari bilan tashrif buyurdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Uchrashuvlarda vakillarimiz Turkiyaning yetakchi sanoat uyushmalari, oliy taʼlim muassasalari hamda yirik kompaniyalar rahbariyati bilan qator muzokaralar o‘tkazdi.
Xususan, “ICFE” xalqaro gilamchilik ko‘rgazmasi doirasida amalga oshirilgan tashrif davomida Istanbul gilam eksportchilari uyushmasi hamda Janubi-Sharqiy Anadolu gilam eksportchilari uyushmasi bilan muloqot tashkil etildi. Muhokamalarda mazkur yo‘nalishdagi xalqaro ko‘rgazmalarni O‘zbekistonda ham o‘tkazish bo‘yicha o‘zaro kelishuvga erishildi.
Istanbul texnik universiteti prorektori Ipek Akin Karaday bilan bo‘lib o‘tgan suhbatda to‘qimachilik va yengil sanoat sohalari uchun yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash masalalari muhokama qilindi. Tomonlar o‘rtasida qo‘shma taʼlim dasturlarini ishga tushirish bo‘yicha dastlabki kelishuvlarga erishildi.
“Defacto” va “Docotton” kompaniyalari bilan ham uchrashuvlar o‘tkazildi. Unda “sorsing” asosida buyurtmalarni rasmiylashtirish, ishlab chiqarish quvvatlarining bir qismini O‘zbekistonga relokatsiya qilish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
Izmir shahriga tashrif doirasida Ege Universiteti rektori Musa Alchi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Muloqot davomida universitet bilan hamkorlikda O‘zbekistonda yengil sanoat sohasiga ixtisoslashgan alohida fakultet tashkil etish masalalari muhokama qilindi. Universitet rahbariyati bilan joriy yil mart oyida O‘zbekistonda qo‘shimcha o‘rganish ishlarini amalga oshirishga kelishib olindi.
Bundan tashqari, “IYA Tekstil” kompaniyasi bilan olib borilgan muzokaralarda korxonaning ishlab chiqarish quvvatlarining bir qismini O‘zbekistonga ko‘chirish (relokatsiya qilish) imkoniyatlari muhokama qilindi.
Anqara shahrida delegatsiya Turkiya Sanoat va texnologiyalar vazirligi huzuridagi Kichik va o‘rta biznesni rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash idorasi (KOSGEB) hamda Turkiya Oliy taʼlim kengashi raisi o‘rinbosari bilan uchrashuvlar o‘tkazdi. Uchrashuvlar davomida tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, innovatsion loyihalarni rivojlantirish hamda taʼlim sohasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish masalalarida fikr-mulohaza almashildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi


