O‘zbekiston TIV rahbari Vashingtonda qator ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazdi
Fevral 05, 2026. 15:48 • 2 daq
• 24TOSHKENT, 5-fevral. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov Vashingtonda muhim minerallar bo‘yicha vazirlar yig‘ilishi doirasida qator ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
“Vazirlar yig‘ilishi ko‘plab hamkasblarimiz bilan uchrashish va mazmunli muloqotlar o‘tkazish uchun qulay imkoniyat yaratdi, – deb yozdi O‘zbekiston TIV rahbari o‘zining telegram-kanalida. – Biz bugungi kundagi dolzarb chaqiriqlar yuzasidan chuqur muhokamalar olib bordik, ikki tomonlama, mintaqaviy va global miqyosdagi eng muhim mavzular bo‘yicha fikr almashdik.
Qadrli hamkasblarimiz, Bahrayn Podshohligi tashqi ishlar vaziri Abdullatif bin Rashid al-Zayani janoblari, Hindiston tashqi ishlar vaziri Subramanyam Jayshankar janoblari, Isroil tashqi ishlar vaziri Gideon Saar janoblari, Italiya tashqi ishlar vaziri Antonio Tayani janoblari, Qozog‘iston tashqi ishlar vaziri Yermek Kosherbayev janoblari, Malayziya tashqi ishlar vaziri Dato Seri Utama Hoji Mohamad bin Hoji Hasan janoblari, Mo‘g‘uliston tashqi ishlar vaziri Batmunx Batseseg xonim, O‘mon Sultonligi tashqi ishlar vaziri Sayyid Badr bin Hamad al-Busaydiy janoblari, Singapur tashqi ishlar vaziri Vivian Balakrishnan janoblari bilan fikrlar almashishdan mamnun bo‘ldik.
Ushbu uchrashuvlar ochiq muloqot va ko‘p tomonlama hamkorlikning umumiy masalalarini hal qilish va mushtarak ustuvorliklarni ilgari surishdagi ahamiyatini yana bir bor namoyon etdi. Muhokamalar konstruktiv va kelajakni ko‘zlab olib borildi, bu esa ishtirokchi hamkorlar o‘rtasida yanada chuqur o‘zaro tushunish va yaqindan muvofiqlikni taʼminlashga xizmat qildi.
Bugungi tadbirni aʼlo darajada tashkil qilgani va mazmunli muloqot hamda hamkorlik uchun samarali platforma yaratgani uchun Marko Rubio janoblari va AQSh Davlat Departamentiga samimiy minnatdorlik bildiramiz”.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi



