Logo

Toshkent – Riga yo‘nalishida yangi yuk tashuvchi aviareys yo‘lga qo‘yildi

Yanvar 28, 2026. 08:15 • 2 daq

201
Toshkent – Riga yo‘nalishida yangi yuk tashuvchi aviareys yo‘lga qo‘yildi

RIGA, 28-yanvar. /“Dunyo” AA/. Shu yilning 26-yanvar kuni Riga shahri Xalqaro aeroportida “Fly Khiva” o‘zbek aviakompaniyasi tomonidan Toshkent – Riga yo‘nalishi bo‘yicha yuk tashuvchi aviareyslarni yo‘lga qo‘yishga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Tadbir doirasida “Fly Khiva” aviakompaniyasining Latviya poytaxtiga birinchi yuk havo kemasining tantanali kutib olinishi tashkil etildi.

Unda Latviya transport vaziri o‘rinbosari Andulis Jidkovs, Riga aeroporti direktori Laila Odinya, Pochta direktori o‘rinbosari Girts Rudzins va Bojxona xizmati rahbari Raimonds Zukus ishtirok etdi.

2024-yilning may oyida Elchixona tomonidan Yevropa Ittifoqi mamlakatlariga eksport hajmini oshirish doirasida “Fly Khiva” mahalliy aviakompaniyasi bosh direktori Dilshod Xo‘jayev boshchiligidagi delegatsiyaning Latviyaga tashrifi tashkil etilib, yuk havo qatnovlarini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha amaliy ishlar boshlangan edi.

Latviya tomonining maʼlumotiga ko‘ra, yangi aviayo‘nalishning ochilishi O‘zbekiston va Latviya o‘rtasidagi transport-logistika sohasidagi hamkorlikni rivojlantirishda muhim qadam bo‘lib, Markaziy Osiyo va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarni mustahkamlashga xizmat qiladi.

Latviya transport vaziri o‘rinbosari A.Jidkovs Toshkent va Riga o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri yuk-aviaqatnovlarning joriy etilishi O‘zbekistonning Markaziy Osiyo mintaqasidagi muhim logistika markazi sifatidagi o‘rni yana-da mustahkamlanayotganini taʼkidladi.

“Fly Khiva” aviakompaniyasi Toshkent – Riga yo‘nalishi bo‘yicha yuk reyslarini haftasiga bir marta muntazam ravishda amalga oshirishni rejalashtirmoqda. Tashilayotgan yuklarning asosiy qismini yurtimizning Yevropa Ittifoqi mamlakatlariga mo‘ljallangan eksport mahsulotlari, pochta va tijorat jo‘natmalari va Xitoyning “TEMU”, “AliExpress” va boshqa xalqaro elektron savdo platformalari orqali berilgan buyurtmalar tashkil etadi.

Default Avatar

Material muallifi

Dunyo AA

dunyo@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish