Madridda Temuriylar merosini o‘rganish va targ‘ib etishga bag‘ishlangan media tadbir bo‘lib o‘tdi
Aprel 23, 2026. 16:55 • 4 daq
• 106MADRID, 23-aprel. /“Dunyo” AA/. Kecha Ispaniya poytaxtidagi “Casa Árabe” madaniyat markazida O‘zbekiston elchixonasi, Islom sivilizatsiyasi markazi hamda “O‘zbekkino” milliy agentligi hamkorligida “Buyuk Temuriylar tarixi va madaniy merosi” mavzusida media tadbir tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tadbirda ilmiy-akademik doiralar, madaniyat muassasalari, ekspertlar hamjamiyati vakillari hamda Osiyo, Yevropa Ittifoqi va Lotin Amerikasi mamlakatlarining elchilari ishtirok etdi. Dastur doirasida O‘zbekistonda keng nishonlanayotgan Amir Temur tavalludining 690 yilligi hamda Sohibqironning boy merosiga bag‘ishlangan tadbirlar haqidagi videomateriallar namoyish etildi.
Media tadbirda O‘zbekiston elchisi Farrux Tursunov kuchayib borayotgan global keskinlik sharoitida davlatlar o‘rtasidagi muloqot, o‘zaro hurmat va konstruktiv hamkorlik alohida ahamiyat kasb etayotganini qayd etdi. O‘zbekiston tinchlik va barqarorlikni mustahkamlashga, barcha mojarolarni faqat tinch yo‘l bilan hal qilishga qaratilgan ochiq va pragmatik tashqi siyosatni izchil amalga oshirayotgani taʼkidlandi. Shu nuqtai nazardan, bo‘lib o‘tgan davra suhbati ishonchni rivojlantirish, gumanitar aloqalarni kengaytirish va yangi qo‘shma tashabbuslarni ishlab chiqish uchun muhim maydon sifatida baholandi.
O‘zbekiston Prezidentining maslahatchisi, taniqli yozuvchi Xayriddin Sultonov so‘zga chiqib, O‘zbekiston–Ispaniya munosabatlarida barqaror ijobiy o‘sish kuzatilayotganini taʼkidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlik sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarilmoqda va bunda madaniy-gumanitar hamda ilmiy aloqalar hal qiluvchi o‘rin tutmoqda. Universitetlararo hamkorlikni rivojlantirish, qo‘shma tadqiqot loyihalarini amalga oshirish va akademik institutlar o‘rtasida tajriba almashish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
O‘zbekiston–Ispaniya o‘rtasidagi ikki tomonlama aloqalarning Amir Temur davriga, Sharq va Yevropa o‘rtasidagi ilk diplomatik missiyalarga borib taqalishi alohida eʼtirof qilindi. Hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari qatorida “Temur tuzuklari”ni ispan tilida nashr etish, ilmiy markazlar va muzeylar o‘rtasidagi sheriklikni rivojlantirish, madaniyat va kinematografiya sohasida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish rejalari bayon etildi.
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxoliqov Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan tashkil etilgan markaz faoliyati bilan tanishtirdi. Taʼkidlanishicha, markaz mamlakatning uch ming yildan ziyod tarixini o‘rganishga hamda o‘zbek xalqining jahon ilm-fani va madaniyati rivojiga qo‘shgan hissasini targ‘ib qilishga yo‘naltirilgan noyob ilmiy-maʼrifiy maskandir.
So‘nggi yillarda 1500 dan ortiq noyob eksponat O‘zbekistonga qaytarilgani, markazga esa har kuni minglab kishi tashrif buyurayotgani maʼlum qilindi. Amir Temurning 690 yilligiga bag‘ishlangan ekspozitsiyaga alohida eʼtibor qaratildi: unda Temuriylar davriga oid noyob qo‘lyozmalar, xaritalar va osori-atiqalar namoyish etildi. Shuningdek, O‘zbekiston va Ispaniya o‘rtasidagi tarixiy aloqalar, jumladan, ispan elchisi Ruy Gonsales de Klavixoning Amir Temur saroyiga qilgan missiyasi ham tilga olindi.
Temuriylar tarixi davlat muzeyi direktori Xurshid Fayziyev Amir Temurni Turon zaminidagi ikkinchi Renessans asoschisi sifatida taʼrifladi. U Temuriylar davri jahon sivilizatsiyasi rivojining muhim bosqichlaridan biri bo‘lganini, bu davr Markaziy Osiyoda ilm-fan, madaniyat va sanʼatning misli ko‘rilmagan yuksalishi bilan tarixga kirganini taʼkidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Amir Temur nafaqat olimu shoirlarni qo‘llab-quvvatlagan, balki butun dunyodan atoqli mutafakkirlarni jalb etib, qudratli intellektual markazlarni shakllantirish uchun sharoit ham yaratgan.
Meʼmorchilik, kitobat sanʼati va ilm-fanning rivojiga, ilm homiyligi anʼanalarini davom ettirgan uning avlodlari, jumladan, Ulug‘bek va Alisher Navoiyning hayoti va ijodiga alohida eʼtibor qaratildi. Aynan shu davrda jahon sivilizatsiyasi taraqqiyotiga taʼsir ko‘rsatgan madaniy va ilmiy yutuqlar shakllangani qayd etildi.
Uchrashuv davomida Madrid Avtonom universiteti professori Xesus Xil, “La Temurid” assotsiatsiyasi prezidenti Frederik Bressand va boshqa ilmiy hamda ekspert doiralari vakillari ham so‘zga chiqdi. Ishtirokchilar ilmiy-madaniy sohada O‘zbekiston–Ispaniya hamkorligi faollashganini, jumladan, Temuriylar merosini o‘rganish va ommalashtirishga qaratilgan qo‘shma tadqiqot hamda nashriyot loyihalari amalga oshirilayotganini aytdi.
Tadbir yakunida tomonlarning ikki tomonlama hamkorlikni yana-da kengaytirish, qo‘shma ilmiy va madaniy tashabbuslarni rivojlantirish hamda gumanitar aloqalarni mustahkamlashdan o‘zaro manfaatdor ekani taʼkidlandi. Bunday tadbirlarning Yevropaning yetakchi madaniyat markazlarida o‘tkazilishi xalqaro hamjamiyatning O‘zbekistonning tarixiy merosiga va uning jahon sivilizatsiyasiga qo‘shgan hissasiga qiziqishi ortib borayotganidan dalolat beradi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi

