O‘zbekiston–AQSH hamkorligi madaniyat sohasida ham kengaymoqda
Aprel 23, 2026. 18:16 • 2 daq
• 76VASHINGTON, 23-aprel. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchixonasi vakillari AQSH Milliy geografiya jamiyati (National Geographic Society)ning hamkorlik bo‘yicha katta direktori Rayan Aleksandr bilan uchrashuv o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tadbirda ikki tomonlama hamkorlikni ilmiy, media va maʼrifiy yo‘nalishlarda kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuvda “National Geographic Channel” va “National Geographic Magazine”ning tahririyat va prodyuserlik jamoalari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishlash bo‘yicha hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari ko‘rib chiqildi. Tomonlar kelgusida barqaror va tizimli hamkorlik mexanizmlarini yo‘lga qo‘yishga kelishib oldi.
Tadbir davomida hujjatli filmlar yaratish bo‘yicha qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalasi ham muhokama qilindi. Bunday filmlar O‘zbekistonning tabiati, tarixi va turizm imkoniyatlarini jahon miqyosida keng targ‘ib qilishga xizmat qilishi taʼkidlandi. Amerika tomoni media jamoalar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishlash uchun aniq loyihalar yaratishga tayyor ekanini bildirdi.
“National Geographic Magazine” nashrida Orol dengizi muammosiga bag‘ishlangan maqola chop etilgani haqida maʼlumot berildi. Ushbu material mintaqadagi ekologik muammolarni xalqaro jamoatchilikka yetkazishda muhim ahamiyatga ega ekani taʼkidlandi.
Madaniy hamkorlik doirasida 1918-yilda suratga olingan, Mir Arab madrasasi tasvirlangan tarixiy fotosurat O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga topshirildi. Bu surat Meynard Ouen Uilyams tomonidan olingan bo‘lib, uning fotojurnalistika rivojiga qo‘shgan hissasi alohida taʼkidlandi.
Uchrashuv yakunida tomonlar ilmiy, media va turizm sohalarida uzoq muddatli va o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirishga kelishib oldi
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi



