Malayziyada O‘zbekiston Yoshlari kuni keng nishonlandi
Iyul 01, 2026. 08:15 • 2 daq
• 13KUALA-LUMPUR, 1-iyul. /“Dunyo” AA/. Mamlakatimizning Kuala-Lumpurdagi elchixonasi tomonidan O‘zbekiston yoshlari umumjahon assotsiatsiyasining Malayziyadagi vakillari bilan hamkorlikda 30-iyun – Yoshlar kuni munosabati bilan madaniy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tadbirda Malayziyaning nufuzli oliy ta’lim muassasalari – “Malaya”, “APU”, “City”, “Cyberjaya”, “UCSI”, “INCEIF”, “INTI” va “Xiamen” universitetlarida tahsil olayotgan talabalar ishtirok etdi.
Elchixona vakillari Malayziyadagi o‘zbek yoshlarini ushbu ayyom bilan tabriklab, O‘zbekistonning yoshlarga oid davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlari haqida batafsil ma’lumot berdi. Yoshlar siyosati sohasida amalga oshirilayotgan qator muhim tashabbuslar va islohotlar haqida to‘xtalib o‘tildi. Xorijda ta’lim olayotgan yoshlarimizning qonuniy huquq va manfaatlarini ta’minlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekanligi qayd etildi.
Uchrashuvda Malayziyadagi o‘zbekistonlik yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ular ishtirokida turli madaniy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etish bo‘yicha fikr almashildi. Yoshlarimizning yangi g‘oya, taklif va tashabbuslari tinglandi. Ularni qiziqtirgan masalalar yuzasidan tegishli tavsiya va maslahatlar berildi.
O‘zbekiston yoshlari umumjahon assotsiatsiyasining Malayziyadagi vakili Farxod Oxunjonov mazkur tashkilot faoliyati xususida to‘xtalib, uning asosiy vazifalaridan biri Malayziyadagi o‘zbek yoshlarini birlashtirish, ularning muammolarini o‘rganish hamda konsultativ maslahatlar berishdan iborat ekanini ta’kidladi.
Tadbir davomida o‘zbek tili, madaniyati va milliy an’analarni keng targ‘ib qilish maqsadida ashula va raqslar, sahna ko‘rinishlari, Yoshlar kuniga bag‘ishlangan “Zakovat” intellektual o‘yini tashkil etildi. G‘oliblar esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Shuningdek, 2026-yilda diplomatik vakolatxona tomonidan tashkil etilgan tadbirlarda faol ishtirok etgan, o‘qish davomida yuqori baholarga erishgan talabalarga elchixona hamda O‘zbekiston yoshlari umumjahon assotsiatsiyasi nomidan tashakkurnomalar topshirildi.
O‘z navbatida, Malayziyada tahsil olayotgan talaba-yoshlar respublikamiz hayotida faol ishtirok etishga, mamlakatimizni yanada rivojlantirishga o‘z hissasini qo‘shishga tayyor ekanini bildirdi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi

