Logo

Malayziya bozoriga qadoqlangan quruq meva mahsulotlarimiz eksport qilinadi

Dekabr 23, 2025. 10:33 • 2 daq

208
Malayziya bozoriga qadoqlangan quruq meva mahsulotlarimiz eksport qilinadi
Malayziya bozoriga qadoqlangan quruq meva mahsulotlarimiz eksport qilinadi
Malayziya bozoriga qadoqlangan quruq meva mahsulotlarimiz eksport qilinadi
Malayziya bozoriga qadoqlangan quruq meva mahsulotlarimiz eksport qilinadi

KUALA-LUMPUR, 23-dekabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonning Malayziyadagi elchixonasi ko‘magida “Angels Future Trade” MCHJ vakillarining mamlakatga tashrifi doirasida “Chaq-Mish” brendi ostida ishlab chiqarilayotgan qadoqlangan quruq mevalar, yong‘oq va danakli mahsulotlar taqdimoti o‘tkazildi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Ushbu taqdimotdan ko‘zlangan maqsad – O‘zbekistonning yuqori sifatli quruq mevalari, yong‘oq va danakli mahsulotlarini Malayziya bozoriga olib kirish hamda chakana, ulgurji va distribyutor kompaniyalari bilan o‘zaro manfaatli savdo hamkorliklarini yo‘lga qo‘yishdan iborat bo‘ldi.

Tadbirda Malayziyaning ulgurji va chakana savdosi bilan shug‘ullanuvchi qator kompaniya vakillari – “KK Mart”, “Rosyam Mart”, “Jaya Grocer”, “Ecinsave”, “NSK Grocer”, “NSK Traiding Sdn Bhd”, “Perennia Foods Sdn Bhd”, “Easy Global Ventures Sdn Bhd”, “Rasa Dunia Enterprise” kabi yirik chakana va onlayn savdo tarmoqlari, importyor korxona vakillari ishtirok etdi.

Ishtirokchilarga mamlakatlarimiz o‘rtasida savdo-iqtisodiy aloqalar, Malayziyaga va ushbu davlat orqali Janubi-Sharqiy Osiyo bozoriga mahalliy meva-sabzavot va qayta ishlangan oziq-ovqat mahsulotlarini eksport qilish bo‘yicha foydalanilmayotgan imkoniyatlar mavjudligi ko‘rsatib o‘tildi.

O‘zbekistondan Malayziyaga qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlarini yetkazib berish bo‘yicha transport-logistika yo‘nalishlari taqdimoti tashkil etildi. Unda Xitoyning Shanxay va Sindao hamda Eronning Bandar-Abbos portlari orqali Klang portigacha (Malayziyaning eng yirik dengiz porti) bo‘lgan qulay va samarali logistika yechimlari haqida maʼlumot berildi.

“Uzbekistan Airways” aviakompaniyasi Toshkentdan Kuala-Lumpur yo‘nalishidagi muntazam aviaqatnovlar orqali qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlarini eksport qilishda foydalanish samaralari taʼkidlab o‘tildi.

Tadbir yakunida Malayziya vakillari “Chaq-Mish” brendi ostida qadoqlangan quruq mevalar, yong‘oq va danakli mahsulotlardan tatib ko‘rishdi va yuqori baho berishdi. Tomonlar ushbu mahsulotlarni Malayziya bozoriga olib kirish va savdosini yo‘lga qo‘yish shartlari bo‘yicha B2B muzokaralarni davom ettirishga kelishib oldi.

Default Avatar

Material muallifi

Zebo Meliyeva

zebo@dunyo.info

Default Avatar

Material muallifi

Адилбек Каипбергенов

editor1@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish