Slovakiyaning O‘zbekistondagi savdo vakili joriy yilning noyabr oyida Toshkentda o‘z faoliyatini boshlaydi
Oktabr 18, 2026. 10:00 • 2 daq
• 75
BRATISLAVA, 18-oktabr. /“Dunyo” AA/. Slovakiya poytaxtida O‘zbekiston va Slovakiya o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha Hukumatlararo komissiyaning ikkinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tadbir O‘zbekiston investitsiyalar, sanoat va savdo vazirining o‘rinbosari Akram Aliyev hamda Slovakiya iqtisodiyot vazirligi davlat sekretari Vladimir Shimonyak hamraisligida o‘tkazildi.
Yig‘ilish doirasida Slovakiyaning Investitsiyalar va savdoni rivojlantirish agentligining O‘zbekistondagi savdo vakili instituti o‘z faoliyatini boshladi. Mazkur lavozimga tayinlangan Lukash Yencho joriy yil noyabr oyi boshida Toshkent shahrida o‘z faoliyatini boshlaydi.
Muloqot chog‘ida tomonlar o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini 300 million AQSh dollariga yetkazish, investitsiyaviy sheriklik va sanoat kooperatsiyasini kengaytirish, shuningdek, avtomobilsozlik, energetika, farmatsevtika, transport infratuzilmasi va raqamlashtirish sohalarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish istiqbollarini muhokama qildilar.
Shuningdek, Slovakiyaning “Matador Holding”, “DATAPAC”, “Betamont”, “Saneca Pharmaceuticals”, “MicroStep-MIS” va “SOITRON” kompaniyalari vakillari bilan muzokaralar tashkil etilib, hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari va amaliy qadamlar belgilab olindi.
Majlis yakunida erishilgan kelishuvlarni mustahkamlovchi bayonnoma imzolandi. Hukumatlararo komissiyaning navbatdagi yig‘ilishini 2027-yil iyun oyida Toshkent shahrida o‘tkazish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi