Kaspiy dengizida harbiylar halok bo‘lgani munosabati bilan Qozog‘istonda umummilliy motam e’lon qilindi

Sentabr 25, 2026. 11:00 • 2 daq

• 156
Kaspiy dengizida harbiylar halok bo‘lgani munosabati bilan Qozog‘istonda umummilliy motam e’lon qilindi

OSTONA, 25-sentabr. /“Dunyo” AA/. Mang‘istau viloyatida xizmat burchini bajarish chog‘ida harbiy xizmatchilarning halok bo‘lishi munosabati bilan Qozog‘istonda umummilliy motam e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri “Kazinform” xalqaro axborot agentligiga tayanib.

Fojia kecha Kaspiy dengizi qirg‘og‘ida o‘quv-jangovar topshiriqni bajarish chog‘ida sodir bo‘ldi. Ob-havo sharoitining keskin yomonlashishi va shamolning kuchayishi oqibatida harbiy xizmatchilar dengizda qolib ketgan.

Dastlab to‘qqiz kishi halok bo‘lgani va uch kishi qutqarilgani, ulardan biri kasalxonaga yotqizilgani haqida xabar berilgan edi. Keyinroq Mudofaa vazirligi halok bo‘lganlar soni 12 kishiga yetgani, yana ikki nafar harbiy xizmatchini qidirish ishlari davom etayotganini ma’lum qildi.

Mudofaa vazirligi halok bo‘lgan harbiy xizmatchilar ro‘yxatini ham e’lon qildi.

Sodir bo‘lgan voqea yuzasidan Qozog‘iston Bosh prokuraturasi jinoyat ishi qo‘zg‘atdi. Tergov uchun IIV, FVV va prokuratura xodimlari ishtirokida tezkor-tergov guruhi tuzildi, zarur sud ekspertizalari tayinlandi.

Qozog‘iston Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev halok bo‘lganlarning oila a’zolari va yaqinlariga hamdardlik bildirdi hamda voqeaning barcha tafsilotlarini aniqlash, harbiy xizmatchilarning oilalariga yordam ko‘rsatishni topshirdi.

“Xazar Qorg‘ani – 2026” harbiy-dengiz mashg‘ulotlari 22-sentabr kuni Kaspiy dengizining Qozog‘iston sektorida boshlangan edi. Unda 500 dan ortiq harbiy xizmatchi, Harbiy-dengiz kuchlarining kema va katerlari, gidrografik kemalar, MXQ Chegara xizmati Qirg‘oq qo‘riqlash bo‘linmalari va Havo hujumidan mudofaa kuchlari aviatsiyasi ishtirok etdi.

Fojia sabablarini tergov qilish davom etmoqda, ayni paytda taqdiri noma’lum bo‘lib qolayotgan ikki nafar harbiy xizmatchini qidirish ishlari ham olib borilmoqda.

“Kazinform” surati

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish