Pokistonda o‘quv markazining tomi qulashi oqibatida 14 nafar bola halok bo‘ldi

Iyul 01, 2026. 14:30 • 2 daq

20
Pokistonda o‘quv markazining tomi qulashi oqibatida 14 nafar bola halok bo‘ldi
“Reuters” agentligi surati

LAHOR, 1-iyul. /“Dunyo” AA/. Pokistonning Lahor shahrida xususiy o‘quv markazi tomi qulashi oqibatida kamida 14 nafar bola halok bo‘ldi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri “Geo News” telekanaliga tayanib.

Qutqaruv xizmati vakillari maʼlum qilishicha, bir nafar o‘qituvchi va sakkiz nafar bola ham jabrlangan bo‘lib, ular shifoxonaga yotqizilgan. Qayd etilishicha, halok bo‘lgan bolalarning yoshi beshdan 16 yoshgacha bo‘lgan, ularning aksariyati to‘qqiz yoshdan kichik bo‘lgan. Qutqaruvchilar vayronalarni tozalash ishlarini davom ettirgan, chunki qoldiqlar ostida yana odamlar bo‘lishi mumkin edi.

Dastlabki tergov natijalariga ko‘ra, o‘quv markazi xususiy turar joyda ro‘yxatdan o‘tmasdan faoliyat yuritgan. Hokimiyat vakillarining fikricha, bino qoniqarsiz holatda bo‘lgan, tomning qulashiga esa konstruksiyalarning mustahkamligi pastligi sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin.

Hodisa vaqtida tom ustida taʼmirlash ishlari olib borilayotgan bo‘lgan. Politsiya ikki nafar shaxsni qo‘lga oldi. Panjob viloyati hokimiyati beparvolik, qurilish meʼyorlarining buzilishi yoki qonunchilikning boshqa talablari buzilgan-buzilmaganini aniqlash maqsadida tergov boshladi. Agar ayb tasdiqlansa, aybdorlar qonunga muvofiq javobgarlikka tortiladi.

Pokiston Bosh vaziri Shahboz Sharif halok bo‘lganlarning oila aʼzolariga hamdardlik bildirdi, jabrlanganlarning tezroq sog‘ayib ketishini tiladi hamda ularga barcha zarur tibbiy yordam ko‘rsatilishini taʼminlash bo‘yicha topshiriq berdi.

“Reuters” agentligi surati

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish