Logo

“Global News Pakistan”: O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi savdo hajmi 40 foizgacha oshishi mumkin

Mart 26, 2026. 15:42 • 2 daq

25
“Global News Pakistan”: O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi savdo hajmi 40 foizgacha oshishi mumkin

ISLOMOBOD, 26-mart. /“Dunyo” AA/. Pokistonning “Global News Pakistan” nashri saytida “Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi savdo hajmini oshirish imkoniyatini baholadi” sarlavhali maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Maqolada yozilishicha, Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi baholashiga ko‘ra, O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi o‘zaro savdo hajmini 30–40 foizga oshirish imkoniyati mavjud. Bu, avvalo, ikki mamlakat sanoati o‘rtasidagi kooperatsiyani rivojlantirish bilan bog‘liq.

Qayd etilishicha, ikki davlat o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlik barqaror ijobiy o‘sishni namoyon etmoqda, biroq mavjud salohiyat hali to‘liq ishga solinmagan. Bu haqda Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi direktor o‘rinbosari Xurshed Asadov Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan “O‘zbekiston – Tojikiston: ittifoqchilik va mintaqaviy hamkorlikning yangi istiqbollari” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyada ma’lum qildi.

Markaz ma’lumotiga ko‘ra, 2017–2025-yillar davomida ikki mamlakat o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 3,8 barobarga oshib, 238 million dollardan 912 million dollarga yetgan. Jumladan, O‘zbekiston eksporti 3,7 barobarga, Tojikistondan import esa 4 barobardan ortiqqa oshgan.

Bugungi kunda Tojikiston O‘zbekistonning muhim mintaqaviy savdo sheriklaridan biri bo‘lib, o‘zbek mahsulotlarini import qiluvchi davlatlar orasida to‘qqizinchi o‘rinni egallaydi.

Nashrda qayd etilishicha, ikki mamlakatning geografik yaqinligi, umumiy chegara va rivojlangan transport aloqalari savdo munosabatlarini yanada kengaytirish uchun qulay imkoniyatlar yaratadi. Ayniqsa, avtomobilsozlik, maishiy texnika, to‘qimachilik va kimyo sanoati mahsulotlari eksportini oshirish istiqbolli yo‘nalishlar sifatida qayd etilgan.

Maqolada mazkur xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya Markaziy Osiyo xalqaro instituti tomonidan tashkil etilgani, unda ishtirokchilar savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va gumanitar hamkorlikning bugungi holati hamda uni rivojlantirish istiqbollarini muhokama qilgani ta’kidlangan.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

dunyo@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish