Logo

Qirg‘iz nashri: O‘zbekiston va Tojikiston suv resurslari sohasidagi hamkorlikni kengaytirmoqda

Mart 26, 2026. 15:06 • 4 daq

60
Qirg‘iz nashri: O‘zbekiston va Tojikiston suv resurslari sohasidagi hamkorlikni kengaytirmoqda

BISHKEK, 26-mart. /“Dunyo” AA/. Qirg‘izistonning “Alliance-press.kg” nashrida “O‘zbekiston – Tojikiston: suv resurslari sohasida hamkorlik” sarlavhali maqola e’lon qilindi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Maqolada yozilishicha, o‘zbek va tojik xalqlari qadimdan yonma-yon yashab kelgan, daryolarimiz, an’analarimiz, madaniy qadriyatlarimiz ko‘p jihatdan mushtarak. Tarixiy yaqinlik, o‘zaro hurmat, umumiy manfaatlar va yaxshi qo‘shnichilik O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi zamonaviy hamkorlikning, jumladan, suv xo‘jaligi sohasidagi sheriklikning mustahkam poydevoriga aylandi.

Ikki davlat o‘rtasida suv resurslari sohasidagi hamkorlikning huquqiy asoslari 1992-yilda Olma-ota shahrida Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari tomonidan imzolangan “Davlatlararo manbalarning suv resurslaridan birgalikda foydalanish va ularni muhofaza qilish sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida”gi ko‘p tomonlama bitim bilan belgilangan. Ushbu hujjat transchegaraviy suv resurslaridan oqilona va o‘zaro manfaatli foydalanish bo‘yicha kelishilgan yondashuvlarni shakllantirish, mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish uchun muhim platforma bo‘lib xizmat qiladi.

Ikki tomonlama hamkorlikni yanada mustahkamlash maqsadida 2019-yilda ikki davlat o‘rtasida Markaziy Osiyo transchegaraviy daryolari suv resurslaridan kompleks foydalanish bo‘yicha qo‘shma ishchi guruh tuzildi. Ishchi guruhning milliy qismlariga O‘zbekiston Suv xo‘jaligi vaziri hamda Tojikiston Energetika va suv resurslari vaziri rahbarlik qiladi.

“Bugungi kunga qadar qo‘shma ishchi guruhning yettita yig‘ilishi o‘tkazilgan bo‘lib, ular doirasida ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish masalalari muntazam muhokama qilinmoqda. Xususan, suv xo‘jaligi sohasida qo‘shma transchegaraviy loyihalarni amalga oshirish istiqbollari, suv resurslarini boshqarish tizimini isloh qilish bo‘yicha tajriba almashish, “Bahri tojik” suv omborining ish rejimini kelishish masalalari ko‘rib chiqilmoqda”, deya fikr yuritgan maqola muallifi.

O‘zbekiston, Tojikiston, va Qozog‘iston “Bahri tojik” suv omborining yoz mavsumidagi ish rejimini kelishish bo‘yicha samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan. Ushbu hamkorlik har yili uch davlat ishtirokidagi ishchi uchrashuvlar bayonnomalarini imzolash orqali amalga oshirilmoqda.

Nashrda ta’kidlanishicha, erishilgan kelishuvlarga muvofiq, Tojikiston yoz mavsumida “Bahri tojik” suv omboridan qo‘shimcha suv chiqarishni ta’minlaydi. Bu O‘zbekiston va Qozog‘iston hududlarida sug‘oriladigan yerlarning suv ta’minotini yaxshilashga, vegetatsiya davrini muvaffaqiyatli o‘tkazishga yordam beradi. O‘z navbatida, O‘zbekiston va Qozog‘iston tomoni Tojikiston tomoniga “Bahri tojik” suv omborida irrigatsiya va qirg‘oqlarni mustahkamlash ishlarini amalga oshirish uchun texnika, asbob-uskunalar va yoqilg‘i-moylash materiallari ko‘rinishida beg‘araz moddiy-texnik yordam ko‘rsatmoqda.

2025-yil 30-mayda Qozog‘iston, Tojikiston va O‘zbekiston o‘rtasida “Bahri tojik” suv omborining 2025-yil iyun–avgust oylari uchun ish rejimini kelishish bo‘yicha uch tomonlama ishchi yig‘ilishning navbatdagi bayonnomasi imzolandi. Ushbu protokolga muvofiq, ko‘rsatilgan davrda 1142 mln metr kub hajmdagi suvni chiqarib yuborish rejalashtirilgan edi. Biroq amalda uning hajmi 1241 mln metr kubni tashkil etdi. Bu esa qo‘shimcha suv chiqarish hisobiga O‘zbekistonning Sirdaryo daryosi havzasida joylashgan Sirdaryo, Jizzax va Toshkent viloyatlaridagi qishloq xo‘jaligi ekin maydonlarini suv bilan ishonchli ta’minlash imkonini berdi.

Manbada qayd etilganidek, hamkorlikning yana bir muhim yo‘nalishi – suv resurslari monitoringi va hisobini yuritish tizimini takomillashtirish. Markaziy Osiyo transchegaraviy daryolari suv resurslaridan kompleks foydalanish bo‘yicha O‘zbekiston-Tojikiston qo‘shma ishchi guruhining 2021-yil 31-may kuni bo‘lib o‘tgan 4-yig‘ilishi bayoniga muvofiq, 2024-yilda Shveysariya hukumatining grant mablag‘lari hisobidan “Patar” va “Sarvak” gidropostlariga zamonaviy suv o‘lchash uskunalari o‘rnatildi.

Ushbu uskuna O‘zbekiston va Tojikiston tomonlariga real vaqt rejimida tezkor va ishonchli ma’lumotlarni olish, shuningdek, “Shimoliy Farg‘ona” va “Katta Farg‘ona” davlatlararo magistral kanallarida suv sarfining aniq hisobini yuritish imkonini beradi.

Suv omborlarining ish rejimlarini muvofiqlashtirish va suv resurslarini hisobga olish tizimini takomillashtirish bilan bir qatorda tomonlar irrigatsiya infratuzilmasini tiklash, modernizatsiya qilish va muhofaza qilishga qaratilgan qator tadbirlarni amalga oshirmoqda.

Xususan, Surxondaryo viloyatida suv resurslari tanqisligini yumshatish va qishloq xo‘jaligi ekin maydonlarini kafolatli suv bilan ta’minlash maqsadida 2018-2021-yillarda Tojikiston hududida joylashgan Varzob daryosidan suv oladigan “Katta Hisor” kanalining 50,8 km uzunlikdagi qismi loyqa va cho‘kindilardan to‘liq tozalandi.

20222025-yillarda viloyatda barqaror suv olishni ta’minlash maqsadida Varzob daryosidagi yirik suv taqsimlash inshooti (4 ta rostlovchi suv to‘sig‘i) hamda “Katta Hisor” kanalining 28 ta yirik va kichik suv to‘siqlarida ta’mirlash ishlari olib borildi.

Muallifning fikricha, “Katta Hisor” kanalining Xonaqa daryosini dyuker orqali kesib o‘tuvchi qismi avariya holatida bo‘lgani sababli, ushbu hududni Xonaqa daryosidan keladigan sel va toshqin suvlaridan himoya qilish maqsadida daryo o‘zanini temir-beton bilan mustahkamlash ishlari amalga oshirildi.

Ushbu chora-tadbirlarni amalga oshirish natijasida Surxondaryo viloyati ehtiyojlari uchun irmoqlarning vegetatsiya va vegetatsiya oralig‘idagi suvliligini hisobga olgan holda Tojikistonda joylashgan manbalardan 35-40 m3/s gacha qo‘shimcha suv yetkazib berish ta’minlanmoqda.

Suv davlatlar taraqqiyoti va mintaqamiz xalqlari farovonligini belgilab beradigan eng muhim tabiiy resurslardan biridir. O‘zbekiston va Tojikiston transchegaraviy daryolar resurslaridan birgalikda foydalanib, o‘zaro manfaatli hamkorlikni izchil rivojlantirmoqda, barqaror taraqqiyot va umumiy farovonlikni birgalikda ta’minlashga intilmoqda.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish